Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2017 14:21 Chop etish versiyasi

Mas’uliyat – rahbarlikning birlamchi sharti

Xalq deputatlari To‘raqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari tomonidan tumanda hududni rivojlantirishning eng muhim vazifalarini hal etish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida olib borilgan ishlarni o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari deputatlari, boshqarmalar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etgan sessiyada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jamiyatni demokratlashtirish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Parlament ishchi guruhi Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bilan yaqindan tanishish, mavjud muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida 10 kun davomida mahallalarda, xonadonlarda bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi. Ta’lim, madaniyat, sport, tibbiyot, bandlik, kommunal, ekologiya sohalari, tadbirkorlik, aholiga savdo va boshqa xizmatlar ko‘rsatish hamda huquqni muhofaza qilish idoralarining faoliyatini o‘rgandi.

Muloqotlarda fuqarolardan tushgan va bevosita uchrashuvlarda o‘rtaga tashlangan 485 murojaat o‘rganilib, 215 murojaat joyida hal etildi. 200 dan ziyod murojaat tegishli mutasaddi tashkilotlarga ijro uchun yuborildi. Respublika darajasida o‘rganish taqozo etiladigan 50 ga yaqin murojaatda ko‘tarilgan masalalarni parlament nazoratining turli shakllari orqali hal etish, tegishli davlat boshqaruvi organlariga parlament va deputatlik so‘rovlari yuborish, parlament eshituvlarini tashkil etishga qaratilgan aniq maqsadli va manzilli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Muhokamada erishilgan yutuqlar bilan birga, mavjud kamchiliklarga ham e’tibor qaratildi. O‘rganishlar tumanda davlat ro‘yxatidan o‘tgan bir qator tadbirkorlik subyektlari turli sabablarga ko‘ra faoliyat ko‘rsatmayotgani, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, hunarmandlikni rivojlantirish, yerdan oqilona foydalanish yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani, bozorlar faoliyati bugungi kun talabiga javob bermasligi, sog‘liqni saqlash tizimida kadrlar taqchilligi, aholini ish bilan ta’minlash masalasi qoniqarli emasligi va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, kasb-hunar kollejlaridagi bugungi holat, qishloqlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi, dorixonalardagi narx-navo, aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini to‘la ta’minlash, aholiga transport xizmati ko‘rsatish, avtomobil yo‘llarining ahvoli qattiq tanqid kilindi.

– Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish va murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizimga asos solindi, – deydi xalq deputatlari To‘raqo‘rg‘on tumani Kengashi deputati Vohidjon Imomnazarov. – Davlatimiz rahbarining “Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, degan hayotbaxsh so‘zlari, ayniqsa, biz, deputatlardan yanada faol bo‘lish, rahbarlardan shaxsiy javobgarlik va mas’uliyatni yanada oshirishni taqozo etmoqda.

Akramjon Sattorov, O‘zA
1 870






Все о погоде - Pogoda.uz