O‘zA O`zbek

12.07.2019 18:33 Chop etish versiyasi

Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi muammolar koʻtarildi

Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi muammolar koʻtarildi

Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan jadal rivojlantirishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

Mamlakatimizni ijtimoiy‑iqtisodiy rivojlantirish orqali xalqimiz farovonligini taʼminlash davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadidir. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida parlament yuqori palatasi oldiga qoʻyilgan vazifalar senatorlar masʼuliyatini yanada oshirdi.

Ushbu vazifalarni bajarish borasida Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan aniq yoʻnalishlar belgilab olindi. Jumladan, qoʻmita aʼzolari iqtisodiyotni barqarorlashtirish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, bank, moliya, soliq tizimlarini isloh qilish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish borasida oʻz taklif va tavsiyalarini bildirmoqda.

Bahs‑munozara shaklida boʻlib oʻtgan davra suhbatida qoʻmita aʼzolari tomonidan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan jadal rivojlantirishdagi toʻsiqlar, xususan, “yashirin iqtisodiyot”ni ragʻbatlantirayotgan omillar, bank‑moliya, soliq va bojxona tizimlaridagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar tegishli vazirlik va idoralar rahbar xodimlari, iqtisodchi olimlar ishtirokida qizgʻin muhokama qilindi.

Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi aʼzosi Ulugʻbek Sotvoldiyevning soʻzlariga koʻra, soliq tizimi sodda va shaffof, yengil, barqaror, nazorati kuchli boʻlishi kerak. Ammo bizda hozircha unday emas. Shu bilan birga, islohotlar jarayoniga iqtisodiyotning yetakchi sohalarida yuzaga kelayotgan muammolar, jumladan “yashirin iqtisodiyot” salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Xususan, bojxona sohasida ichki bozor ishlab chiqaruvchilari va isteʼmolchilari himoyasini taʼminlash borasida taʼsir choralarining yetarli boʻlmayotgani, aksariyat mahsulotlarning naqd pul evaziga chetdan mamlakatimizga olib kelinishi yoki xufiyona yoʻllar bilan sotilishi, soliqdan qochib faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarining borligi va ularning ayrim “homiylar” tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi mamlakat iqtisodiy xavfsizligiga jiddiy xavf solayotgan muammolardir.

Shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishda byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, litsenziyalash, sertifikatlash va ruxsatnomalar berish tizimidagi kamchiliklarga barham berish kabi masalalar ham dolzarbligicha qolmoqda.

Anjumanda bu yoʻnalishdagi mavjud muammolarni hal qilish borasida aniq takliflar bildirildi. Taʼkidlanishicha, moliyaviy resurslarning bankdan tashqari aylanishini bartaraf qilish va shu maqsadda jahon amaliyotidan kelib chiqqan holda turli tarmoq, sohalar manfaatlarini himoya qiluvchi uyushmalarni koʻpaytirish zarur. Iqtisodiyotning dolzarb, faol yoʻnalishlarida tadbirkorlik subyektlariga subsidiya, dotatsiya, grantlar ajratilishi tizimni takomillashtirish, foizsiz yoki imtiyozli kreditlash va ushbu maqsadlarni moliyalashtirish uchun maxsus jamgʻarmalar tashkil qilish maqsadga muvofiq. Shuningdek, sugʻurta va qimmatli qogʻozlar bozorini tubdan isloh qilish mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tadbirda mamlakat iqtisodiyotini jadal taraqqiy toptirishga erishish, adolatli soliq yukini joriy qilish va boshqa choralar orqali “yashirin iqtisodiyot”ga barham berish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida rivojlangan davlatlar tajribasini chuqur tahlil qilish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

Tadbir yakunlari boʻyicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Nurillo NASRIYEV, OʻzA
773