Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.12.2017 16:36 Chop etish versiyasi

Mamlakatimizda 1 ming 100 kilometrdan ortiq yangi temir yo‘llar barpo etildi

Istiqlol yillarida temir yo‘l tizimini tubdan takomillashtirish, temir yo‘llarni rekonstruksiya qilish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaga innovatsion loyihalarni joriy etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi va bu jarayon muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda.

Bugungi kunga kelib mamlakatimizda 1 ming 100 kilometrdan ortiq yangi temir yo‘llar barpo etildi, 1 ming 700 kilometrlik temir yo‘l bog‘lamalari elektrlashtirildi, 16 yangi temir yo‘l vokzali bunyod etildi. Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdlari harakati amalga oshirilmoqda. Har tomonlama qulay va zamonaviy talablarga javob beruvchi ushbu poyezdlar aholi va xorijiy mehmonlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bu mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirib, turizm salohiyati yuksalishiga zamin yaratayotir.

Ijobiy ko‘rsatkichlarning bardavom bo‘lishida harakat xavfsizligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchi tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi – “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” bu boradagi ishlarni muntazam muvofiqlashtirib keladi. Inspeksiya poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l ma’muriyatining funksiyalarini bajaruvchi hamda davlat, xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan temir yo‘l transporti sohasida harakat xavfsizligini ta’minlashga oid belgilangan qoidalar va me’yorlarga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi davlat boshqaruv organi hisoblanadi.

Temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashdek muhim vazifaning o‘z vaqtida va samarali bajarilishi har bir xodimdan fidoyilik, mas’uliyatni chuqur his qilish, bilim va yuksak professional mahoratni taqozo etadi. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining normativ hujjatlar ishlab chiqish bo‘limi bosh mutaxassisi Lola Qobulova aynan shunday sifatlarga ega xodimlardan sanaladi.

L.Qobulova 26 yillik faoliyati davomida qaysi jamoada ishlamasin o‘zidan ijobiy taassurot qoldira oldi. Mehnatkashligi, samimiy, kamgap va shu bilan birga talabchan bo‘lgan xodima ish unumdorligining asosini tartib-intizom va odob-axloqda, deb biladi. Yoshlarga va hamkasblariga har doim xushmuomala, tajribali temiryo‘lchining hayoti O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi nishonlanayotgan ushbu kunlarda unutilmas onlarga boy bo‘ldi. Uning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

– Mehnatim ortidan obro‘-e’tibor orttirdim, orzularim ushaldi, – deydi L.Qobulova. – Kamtarona mehnatimning e’tirof etilishi, yuksak darajada mukofotlanishim men uchun katta baxt. Bu mening ishimga berilgan yuqori baho bo‘lishi bilan bir qatorda kelajakdagi faoliyatim uchun rag‘bat hamdir.

Firdavs Xayriddinov,
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” davlat inspeksiyasi
axborot xizmati boshlig‘i.

O‘zA
4 983