Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2018 18:17 Chop etish versiyasi

Mamlakatimiz mutaxassislari eng ilg‘or tarmoq texnologiyalarini o‘zlashtirdi

“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasida mahalliy axborot texnologiyalari korxonalari xodimlari uchun bulutli tizimlar negizidagi axborot tarmoqlarini barpo etish va boshqarishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, xorijiy va mahalliy axborot texnologiyalari vakillari, aloqa va telekommunikatsiyalar sohasi xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir nazariy, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlaridan iborat bo‘lib, ularda mutaxassislar axborot tarmoqlarini yaratish sohasidagi eng so‘nggi texnik ishlanmalar bilan tanishdi. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar professional darajasini oshirib, tarmoqlararo ekranlarning yangi nusxalarini sozlash jarayonini o‘zlashtirdi, tarmoqlarni sozlashga ixtisoslashgan dasturiy ta’minotdan foydalanishga oid ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Shuningdek, turli tarmoq uskunalari, jumladan, tarmoqlararo ekranlar va xavfsizlik shlyuzlarining yangi lineykalari prototipining so‘nggi modellari namoyish qilindi.

Seminar dasturining asosiy qismi tarmoqlarni barpo etish va boshqarishning bulutli tizimlariga bag‘ishlandi. Bu kabi innovatsiyalarni mahalliy korxonalar faoliyatiga joriy etishning mutlaqo amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Seminarda xorijlik mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi.

– Zamonaviy bulutli texnologiyalar axborot tarmoqlarini tashkil etish va boshqarish, xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratadi, – deydi seminar ishtirokchisi, “RIM-NIHOL” kompaniyasi mutaxassisi A.Prokopov. – Masalan, ularning negizida yaratilayotgan gibrid tizimlar foydalanish nuqtalariga ish jarayonidan uzilmagan holda, bir paytning o‘zida bir necha rejimda ishlash imkonini beradi. Shu bilan birga, yangi texnik ishlanmalar tarmoq ma’murlari oldida turgan tarmoqlarni boshqarish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq ko‘plab muammolarni ham hal etadi.

Tadbir yakunida mavzu yuzasidan imtihon tashkil etildi. O‘tish ballarini qo‘lga kiritgan mutaxassislarga “ZYXEL CERTIFIED NETWORK ENGINEER” (ZCNE) sertifikati topshirildi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
5 641