Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2018 18:39 Chop etish versiyasi

Mamlakatimiz havo sarhadlari himoya tizimi namoyish etildi

Toshkent viloyatida joylashgan Havo hujumidan mudofaa (HHM) qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlardan birida “O‘zbekiston Respublikasi havo sarhadlarida davlat chegaralari buzilganda zenit-raketa divizioni shaxsiy tarkibining harakatlari” mavzusida o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi.

MDHga a’zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashi huzuridagi Havo hujumidan mudofaa masalalari bo‘yicha muvofiqlashtirish qo‘mitasi majlisi qatnashchilari uchun tashkil etilgan tadbirda HHM qo‘shinlari va Harbiy-havo kuchlarini eng yuqori jangovar shaylik darajasiga keltirish, qo‘shilma va bo‘linmalar boshqaruv punkti jangovar navbatchi raschyotlarining davlat chegaralari buzuvchilari – samolyotlarga qarshi ishlashi, HHM vositalari bilan shartli dushmanning yakson etilishi kabi o‘quv mashqlari bajarildi.

MDH harbiy delegatsiyalari vakillari tashrif doirasida Mustaqillik maydonida bo‘lib, "Motamsaro ona" haykali poyiga gul qo‘ydi. Shuningdek, Qurolli Kuchlar akademiyasiga tashrif buyurib, mamlakatimizda harbiy kadrlar tayyorlash tizimi, ta’lim jarayoni, tinglovchi va kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv-moddiy baza hamda ta’lim muassasasi muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 084