Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.04.2017 18:22 Chop etish versiyasi

Mamlakatimiz aholisi to‘la raqamli televideniye bilan ta’minlanadi

Poytaxtimizda «ABU – 2017 Tashkent forum» forumi doirasida jurnalistlar uchun media konferensiya o‘tkazildi. Osiyo-Tinch okeani efirga uzatish uyushmasi (ABU) va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada xorijiy va mahalliy jurnalistlar, mutaxassis va ekspertlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sh.Shermatov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari N.Hikmatullayev va boshqalar mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar sifatini yanada yaxshilash istiqlol yillarida amalga oshirib kelinayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Teleko‘rsatuvlarni tayyorlash va tarqatish jarayoniga zamonaviy uskuna va mediatexnologiyalar muntazam joriy etilmoqda.

Konferensiyada teledasturlar va radioeshittirishlarni efirga uzatishda qo‘llanilayotgan yangi texnologik imkoniyatlar xususida so‘z bordi.

O‘tgan yarim asrdan ko‘proq vaqt mobaynida televideniye sifat jihatdan jiddiy yuksalishga erishdi. Tasvir va tovush tiniqlashtirilgan zamonaviy televizorlar paydo bo‘ldi hamda telesignallarni uzatish usullari takomillashtirildi.

O‘zbekiston MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib raqamli televideniyega o‘tgan va mamlakatimizda raqamli televideniyeni joriy etish 2007-yildan boshlangan. Toshkent va Buxoroda raqamli televideniye tajriba zonasining tashkil etilishi yangi turdagi ko‘rsatuvlarga bosqichma-bosqich o‘tishni boshlab berdi. 2011-yilda mamlakatimizda yangi formatdagi translatsiyaga bosqichma-bosqich o‘tishga doir aniq maqsadli ishlar amalga oshirildi. Natijada MDH mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib yuksak darajada tiniq ko‘rsatadigan televideniye – HDTV ishga tushirildi. Dunyoda televideniyeni rivojlantirishning yangi yo‘nalishi hisoblangan HDTV tasvir va tovushi tiniq teledastur va filmlarni tomosha qilish imkonini beradi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 17-apreldagi O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tishga doir Davlat dasturi to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim dasturiy hujjat bo‘lib xizmat qilayotir. Hujjatga muvofiq, raqamli televideniyeni joriy etish sohasidagi me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, raqamli televideniyega ikki bosqichda, ya’ni 2012-2015 va 2016-2017-yillarda o‘tish ko‘zda tutilgan edi.

– Har bir tayyorlanayotgan media mahsulot ortida katta jarayon, minglab odamlarning mehnati yotadi, – deydi Turkiya teleeshittirish kompaniyasining (TRT) bosh injeneri Shahin Demir. – Bugun sohada tomoshabinlar sonini oshirish hamda auditoriyani kengaytirish uchun tasvir va ovoz uzatishning yangi texnologiyalari joriy etilmoqda, qo‘shimcha qulayliklar yaratish ustida tinimsiz izlanish olib borilmoqda. Ana shunday innovatsiyalardan biri raqamli televideniye bo‘lib, u ayni paytda butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan. O‘zbekistonda ham ushbu innovatsiyadan to‘liq foydalanish uchun imkoniyat mavjud.

Joriy yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev farmoni asosida qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining alohida bandida raqamli televideniyeni yanada rivojlantirish vazifalari belgilangan. Mazkur hujjatga binoan mamlakatimiz hududlarida 66 yuqori quvvatli va 328 kam quvvatli raqamli televideniye uzatkichi o‘rnatiladi va ishga tushiriladi. Natijada mamlakatimiz aholisini, shu jumladan, tog‘li va olis hududlardagi aholini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkaziladi.

Konferensiyada yuqori texnologiyali uskunalar va maxsus teleradiotexnikadan samarali foydalanish, ularni qo‘llagan holda mediatexnologiyalar asosida keng turdagi sifatli teleradiomahsulotlarni yaratish, onlayn-kontent va xavfsizlik, media sohasidagi yangilanishlar, shuningdek, televizion muhandis-texnik hamda ijodiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tubdan yaxshilash masalalari muhokama etildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
3 619






Все о погоде - Pogoda.uz