O‘zA O`zbek

06.03.2018 13:06 Chop etish versiyasi

Maktablar uchun zamonaviy uskunalar

Yaponiya hukumatining kichik hajmdagi ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam dasturi doirasida Qoraqalpog‘istonda ikki umumta’lim maktabi, xususan, Chimboy tumanidagi 38-, Nukus shahridagi 2-umumta’lim maktablari zamonaviy asbob-uskunalar hamda texnika jihozlari bilan ta’minlanadi.

Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.

Chimboy tumani “Jipek joli” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 38-umumta’lim maktabining birinchi binosi 1973-yil, ikkinchi binosi 1991-yil qurilgan bo‘lib, 2007-yil ta’mirdan chiqarilgan. 12x24 metr o‘lchamdagi sport zali, majlislar zali, oshxona va ustaxonadan iborat. Hozirda 155 o‘qituvchi 900 ortiqdan o‘quvchiga ta’lim-tarbiya bermoqda.

Nukus shahridagi 2-umumta’lim maktabi esa 1970-yil foydalanishga topshirilgan. 4 qavatli maktab 960 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Maktab 2007 yilda ta’mirdan chiqarilgan.

Yaponiya davlatining mamlakatimizdagi elchixonasi ikkinchi kotibi Makoto Xoriguchi va ushbu davlatning mamlakatimizda kichik hajmdagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha koordinatori Kuria Sutaki yaqinda ushbu ikki umumta’lim maktabida bo‘ldi va asbob-uskunalar bilan ta’minlanish holatini o‘rgandi.

Anvar Nasirlayev, O‘zA
5 587