O‘zA O`zbek

19.06.2018 12:05 Chop etish versiyasi

Maktab tajribasi ommalashtiriladi

Maktab tajribasi ommalashtiriladi
Namangan viloyati Norin tumanidagi 40-umumta’lim maktabida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik va umumta’lim maktablarini jihozlash masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Viloyatdagi 680 umumta’lim maktabida 426 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz ta’lim olmoqda. Ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning puxta bilim olishi, pedagoglar uchun qulay ish sharoiti yaratishga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

Norin tumanidagi 40-umumta’lim maktabida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarda bu yana bir bor o‘z ifodasini topdi. Viloyat hamda tuman hokimliklari, xalq ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimlari, umumta’lim maktablari, litsey va maktab internatlari rahbarlari ishtirok etgan seminarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, 40-umumta’lim maktabini zamonaviy jihozlashning namunaviy ko‘rinishi tanishtirildi.

Xalq ta’limi vazirligining xalq ta’limi muassasalarini namunaviy jihozlash bo‘yicha dasturi respublikada birinchi bo‘lib1350 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgan mazkur maktabda amalga oshirildi.

– Namunaviy jihozlashda targ‘ibot stendlari va o‘quv ko‘rgazmali vositalari davr talabi darajasida bo‘lishiga e’tibor qaratilgani diqqatga sazovor, – deydi ushbu maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari O.Xolisova. – Ular o‘qituvchi va o‘quvchilar fikrining notugal bo‘lib qolishi, fikr chalg‘ishining oldiniolishga qaratilgan tamoyil asosida tayyorlangan bo‘lib, tematikasi va joylashtirilishiga ham katta ahamiyat berilgan. Sinf xonalari muayyan o‘quv predmeti oldiga qo‘yilgan vazifalarga bo‘ysundirilgan.

Davlat byudjeti hisobidan 80 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflab tayyorlangan mazkur jihozlar o‘quvchi-yoshlarning bilimini mustahkamlash va yanada boyitishga xizmat qiladi.

Seminarda, shuningdek, maktabda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Bu borada maktab qozonxonasi va isitish tarmoqlarida 33 million so‘mlikdan ziyod ta’mirlash ishlari bajarilgan. Yoqilg‘i zaxirasini yaratish bo‘yicha jamg‘arilishi rejalashtirilgan ko‘mirning 58 tonnasi maktab omboriga keltirilgan va ko‘mir jamg‘arish qat’iy jadval asosida izchil davom ettirilmoqda.

Norin tumanidagi 40-umumta’lim maktabi tajribasi viloyatdagi barcha umumta’lim maktablari, litsey va internatlarda ommalashtiriladi.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) O‘zA
10 267