Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.11.2017 16:21 Chop etish versiyasi

Mahallaning o‘z odami

Jizzax viloyatida joriy yilda 80 nafar profilaktika inspektori turar-joy va xizmat avtomashinasi bilan ta’minlandi. Ular orasida Jizzax shahridagi “Zilol” mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori, leytenant Abror Boshbekov ham bor.

– Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida zamonaviy xizmat uyi va avtomashina berishdi, – deydi A.Boshbekov. – Bunday e’tibor o‘z vazifamga sidqidildan yondashish, hudud aholisi tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashdek sharafli xizmatim samaradorligini yanada oshirishga undaydi.

Viloyat markazidagi ushbu mahallada 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hududda 1 umumta’lim maktabi, 30 dan ziyod korxona va tashkilot, 2 yirik bozor joylashgan. Savdo, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ayniqsa, bozorlarning har kuni ishlashi bois kelib-ketuvchilar oqimi ham katta. Odatda bunday gavjum hududda huquqbuzarliklar sodir etilishi ham tabiiy. Biroq, Zilol mahallasi shaharning eng osoyishta hududlaridan biri hisoblanadi. Joriy yilning o‘tgan davrida mahallada birorta ham huquqbuzarlik va jinoyat sodir etilmagani fikrimiz tasdig‘idir.

– Mahallada huquqbuzarliklarning oldini olishda erishilayotgan muvaffaqiyatda profilaktika inspektorining alohida o‘rni bor, – deydi “Zilol” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi G.Boboqulova. – U mahallaning o‘z odamiga aylanib, barchaning hurmat-e’tiborini qozongani profilaktik ishlari ta’sirchanligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Inspektorning fuqarolar yig‘ini tarkibidagi komissiyalar, mahalla faollari bilan yaqin hamkorligi tufayli proflaktika ishlarining biror sohasi e’tibordan chetda qolmayotir.

Joriy yilda mahalladagi besh notinch oiladagi kelishmovchilikka barham berildi. Yarashtiruv komissiyasi bilan hamkorlikda buzilib ketish yoqasiga kelib qolgan 12 oila yarashtirildi. Ichkilikka surunkali ruju qo‘ygan ikki shaxs majburiy davolanishga yuborildi.

Mahallada yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Voyaga yetmaganlarning o‘zi mingdan ziyod. Shuning uchun ta’lim muassasalari, oilalarda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan uchrashuv va suhbatlar, turli tadbirlar muntazam o‘tkaziladi. Fuqarolar yig‘inining voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport, xotin-qizlar masalalari komissiyalari bilan hamkorlikda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida sport seksiyalari va turli to‘garaklar faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Har payshanba kuni hududdagi ma’naviy-axloqiy muhit, o‘quvchilar davomati, umuman, mahalla hayoti bilan bog‘liq barcha masalalar tegishli tashkilotlar va faollar ishtirokida atroflicha muhokama qilinadi. Mahalla maslahatchilari, posbon va fuqarolar yig‘ini komissiyalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olinadi.

Profilaktika kuni tadbirlari mahallalarimiz hayotidan tobora chuqur o‘rin olmoqda. Uning samarasi jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sonining kamayishi, ta’lim muassasalarida davomatning yaxshilanishida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bugungi kunda bu tadbir mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tarkibiy qismi sifatida yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligi yuksalishi, osoyishta hayotimiz bardavomligiga xizmat qilayotir.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
2 004






Все о погоде - Pogoda.uz