Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.11.2017 18:00 Chop etish versiyasi

Mahallalarda ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyati takomillashmoqda

Mahallalarda ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyati takomillashmoqda Qoraqalpog‘iston Respublikasida "Mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari” mavzuida o‘quv-seminarlar o‘tkazildi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi hamkorligida tashkil etilgan mazkur o‘quv-seminarlarda shahar va tuman hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, mahallalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlarning ijro apparatlari xodimlari, mahalla raislari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “Nuroniy” jamg‘armasining hududiy tuzilmalari rahbarlari hamda umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari direktorlari va ularning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

11.jpg

Ellikqal’a tumanida o‘tkazilgan ana shunday tadbirda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Bunday keng ko‘lamli yangilanishlar jarayonida noyob boshqaruv tizimi – mahallaning o‘rni tobora ortib borayotir. Ayniqsa, ma’naviy muhit barqarorligiga erishish, aholini aniq manzilli ijtimoiy himoya qilish, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirishga ko‘maklashish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan yaqin munosabat o‘rnatish, jamiyatda ahillik va totuvlikni ta’minlashda mahallaning o‘rni beqiyos.

Prezidentimizning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

– Atrofimizda turli tahdidlar, xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan bugungi kunda har birimiz o‘zimiz yashayotgan hududda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shib, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviyatini yuksaltirish, ularda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat tuyg‘ularini kuchaytirishimiz lozim, – deydi “Do‘stlik” ovul fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Komila Jumaniyozova. – Farzandlarimizni ma’naviyatimizga mutlaqo zid bo‘lgan turli g‘oya va mafkuraviy tahdidlardan himoyalash Vatanimizning ertangi kunini muhofaza qilish bilan barobar. Bu borada mahallalarda tashkil etilgan “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi muhim ahamiyat kasb etadi. Ovulimizda bu tuzilma tarkibiga psixolog, huquqshunos, shifokor, pedagog kabi mutaxassislardan iborat 11 kishini jalb qilganmiz. Ularning sa’y-harakati bilan joriy yilning o‘tgan 10 oyida 6 oila ajralib ketishining oldi olindi.

Tadbirda oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ota-onalarning farzand tarbiyasiga oid huquqiy, ma’naviy-axloqiy, pedagogik, psixologik va tibbiy bilimlarini boyitishga ko‘maklashishda “Ota-onalar universiteti” jamoat tuzilmalarining vazifalari belgilandi.

13 (1).jpg

Mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada jonlantirish maqsadida tashkil etilgan ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyati yanada takomillashmoqda. O‘quv-seminarlarda ana shu komissiyaning faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, mahallalardagi jinoyatchilik, notinch oilalar, oilaviy ajrimlar kabi ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarning oldini olishga yo‘naltirilgan aniq mavzudagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, ularni tashkil etish ishlariga joylardagi qishloqboshi, ko‘chaboshi, ko‘p qavatli uy boshliqlarini keng jalb etish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilgan o‘quv-seminarlarda mahalla hayoti bilan bog‘liq dolzarb masalalar, mavjud muammolar o‘rganilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
2 760






Все о погоде - Pogoda.uz