Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.07.2018 10:44 Chop etish versiyasi

Mahalladoshlarini chuv tushirdi...

Mahalladoshlarini chuv tushirdi...
Sherobodlik tadbirkor o‘zini “uddaburon” ko‘rsatib, mahalladoshlarini “chuv” tushurishni odat qildi.

Sherobod tumanidagi G‘ambur mahallasida yashovchi A.Sapiyev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanar edi. Lekin, u halol yo‘l bilan topayotgan rizqiga qanoat qilmadi. Mumay daromad topishning boshqa yo‘llarini ham izlay boshladi. O‘zini “uddaburon” ko‘rsatib, mahalladoshlarini “chuv” tushurishni odat qildi.

Xullas, joriy yilda 49 yoshni qarshi olgan bu kimsa dastlab 2015 yil 16 yanvar kuni mahalladoshi – M.Malikboyevani avrab, “yashab turgan uyingizga hokimiyatdan qaror chiqartirib beraman”, deya 4 million 800 ming so‘m pulini qurtdek sanab oladi. O‘sha yili 14 aprel kuni G.Samadovaga fermerning ekin maydonidan 30 sotix yerda uy-joy qurish va yordamchi xo‘jalik yuritish uchun tuman hokimiyatidan qaror chiqartirib berishni quyuq va’da qilib, naqd 20 million so‘m puli, bir bosh otini olib ketadi. 2015 yil 20 may kuni R.Yog‘liyevning o‘n million so‘mini cho‘ntakka urib, uni fermerning maydonidan yer ajrattirib, hokimiyat qarorini chiqartirib berishga ishontiradi.

A.Sapiyev bundoq hisoblab ko‘rsa, hash-pash deguncha soddadil odamlarni “uxlatib”, o‘zimizda ishlab chiqarilgan bitta yengil mashinaning pulini beli og‘rimay “ishlab” qo‘yibdi. Bu yog‘i mahalladoshlari ham sabrli, andishali ekan. Biroq, shu orada “qarmoq”qa ilinadigan odam topilmay qoladi. Qing‘ir yo‘l bilan pul topishning xumori kelib yurgan kech kuzda u yana bir mahalladoshini qarmoqqa ilintiradi. S.Tirkashevga ham uy-joy qurish maqsadida yer maydoni ajratish va hokimiyat qarorini chiqartirib berish uchun 20 million so‘m pulini olib, juftakni rostlaydi.

Shunday qilib, mahalladoshlar “uddaburon” A.Sapiyevning va’dalari quruq, puch ekanini to‘rt yil deganda anglab yetadi va sabru-bardoshi tugab, yaqinda tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat etadi.

Surxondaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, firibgarlik yo‘li bilan boyishni maqsad qilgan bu kimsa endilikda qonun oldida javob beradi. Ayni paytda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 968