Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.04.2017 17:49 Chop etish versiyasi

Bektemir tumani Rohat mahallasida aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

Mamlakatimizda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, mahalla, oilalarga kirib borib, tibbiy madaniyatni shakllantirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar samarasida fuqarolarning tibbiy madaniyati, o‘z salomatligiga e’tibori oshib borayotir.

Buni poytaxtimizning Bektemir tumanidagi Rohat mahalla fuqarolar yig‘inida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi hamkorligida tashkil etilgan navbatdagi tibbiy ko‘rik jarayonida ham ko‘rish mumkin.

"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi tomonidan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” harakatini rivojlantirish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Birinchi Prezidentimizning 2014-yil 1-avgustdagi "2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘layotir.

Fondning ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari mahallalar va qishloqlarda bo‘lib, aholi, ayniqsa, qizlar va bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, sog‘lom turmush tarzi va uni to‘g‘ri shakllantirishga doir maslahatlar berib bormoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mahallalarda tashkil etilgan ana shunday tadbirlarda 54 ming 700 dan ziyod aholi tibbiy ko‘rikka jalb etildi. 5 ming 600 dan ziyod oilaning ijtimoiy sharoiti, undagi psixologik muhit va bolalar sog‘lig‘i o‘rganildi. Tibbiy ko‘riklar bilan bir qatorda “OITS”, “Giyohvandlik”, “Sog‘lom turmush tarzi”, “Reproduktiv salomatlik” kabi mavzularda davra suhbatlari o‘tkazilayotir.

Rohat mahallasidagi navbatdagi xayriya tadbiri jarayonida keksa otaxon va onaxonlar, urush va mehnat faxriylari, xotin-qizlar va bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, bepul vitaminlar, dori-darmon va gigiyena vositalari tarqatildi. Shuningdek, hududdagi umumta’lim maktablari, litsey va kollejlar o‘quvchilari orasida sog‘lom turmush tarzi va reproduktiv salomatlikni to‘g‘ri shakllantirishga doir tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi.

– Mahallamizda bo‘lib o‘tgan tibbiy ko‘rikda shifokorlar o‘zim bilan birga ikki farzandimning ham salomatligini tekshiruvdan o‘tkazdi, – deydi Nargiza Yunusova. – Zamonaviy uskunalar yordamida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikdan ko‘nglimiz to‘ldi. Malakali shifokorlar va ushbu xayrli ishni tashkillashtirgan tashkilotchilardan minnatdormiz. Tibbiy ko‘rik davomida farzandlarimizga bepul vitaminlar ham berilganligi bizni juda quvontirdi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
1 096






Все о погоде - Pogoda.uz