Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.07.2018 11:45 Chop etish versiyasi

Mahalla posboni endi oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerak

Mahalla posboni endi oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerak
Jamoatchilik tuzilmasi rahbari va uning a’zolari sifatida kamida bir yil mobaynida namunali faoliyat olib borgan shaxslar ichki ishlar organlari xizmatiga ustunlik asosida qabul qilinadi.

Hukumatning 2018-yil 3-iyuldagi qarori bilan fuqarolar yig‘ining “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi faoliyati takomillashtirildi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Xususan, qarorga ko‘ra jamoatchilik tuzilmasiga rahbar lavozimiga nomzodlar qoida tariqasida, oliy ma’lumotli, tegishli hududda doimiy yashayotgan, tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari orasidan tanlanadi.

Ichki ishlar organlari xodimlariga qo‘yilgan talablarga to‘g‘ri keladigan “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari va uning a’zolari fuqarolar yig‘ini raisi va profilaktika inspektori tavsiyanomasiga ko‘ra, ichki ishlar organlari kadrlar zaxirasiga kiritiladi.

Shuningdek, ichki ishlar organlari kadrlar zaxirasiga kiritilgan Jamoatchilik tuzilmasi rahbari va uning a’zolari sifatida kamida bir yil mobaynida namunali faoliyat olib borgan shaxslar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Kasbiy tayyorgarlik fakultetiga o‘qishga hamda ichki ishlar organlari xizmatiga ustunlik asosida qabul qilinadi.

Bundan tashqari, “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari lavozimga tayinlangandan so‘ng unga belgilangan tartibda guvohnoma, ko‘krak nishoni, xizmat kiyimi va xizmat sumkalari beriladi.

O‘zA
3 297