Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2017 17:32 Chop etish versiyasi

Mahalla obod – mamlakat obod

Prezidentimizning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni nafaqat mahalla fuqarolar yig‘inlari yoki tizimga aloqador tashkilotlar xodimlari, balki keng jamoatchilik o‘rtasida ham qizg‘in muhokamalar mavzusiga aylandi.

– Ushbu hujjatda fuqarolar yig‘inlarining jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish yuzasidan amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan, – deydi Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “Buloqboshi” qishloq fukarolar yig‘ini diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Shahriniso Karimova. – Mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar samarasida mahalla tom ma’noda noyob, dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan tuzilmaga aylantirildi. Jamiyatdagi, aholining turmush tarzidagi, hududlarni rivojlantirishdagi o‘zgarishlar jarayonida mahallaning o‘rni beqiyos. Mazkur farmon asosida mahalla boshqaruvini yanada takomillashtirishning aniq tizimi yaratilishi barcha fuqarolar manfaatiga xizmat qiladi.

Milliy qonunchiligimizga muvofiq har bir mahalla mustaqil xududiy birlik subyekti huquqiga ega bo‘lishiga qaramay, amalda ayrim mahallalar shaharcha, qishloq fuqarolar yig‘inlari tarkibida faoliyat ko‘rsatayotgan edi. Jizzax viloyatining Sharof Rashidov, Zomin, Forish tumanlaridagi ayrim shaharcha va qishloq fuqarolar yig‘inlari tarkibida 3-4 tadan mahalla mavjud. Bunday pog‘onali tizim ba’zan anglashilmovchiliklarga sabab bo‘layotgan edi.

Bundan tashqari, bir tumandagi qishloq yoki shaharcha fuqarolar yig‘ini tarkibida yana shu nomdagi mahalla uchrashi vazifa va majburiyatlar taqsimotida tushunmovchiliklar keltirib chiqarardi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiq ishlab chiqilgan Fuqarolar yig‘inlarining namunaviy nizomida ham “mahalla ichida mahalla tuzilishi” ko‘zda tutilmagan.

– Xalqimizning ko‘p asrlik hayot tajribasi asosida shakllangan mahallaga ortiqcha pog‘onali boshqaruv tizimini joriy etib bo‘lmaydi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Sharof Rashidov tumani bo‘linmasi raisi O‘rol O‘rozboyev. – Fuqarolar yig‘ini tarkibida yana bir fuqarolar yig‘ini bo‘lishi ortiqcha tadbirbozlikka, ba’zan biri ikkinchisini takrorlashiga olib kelmoqda. Prezidentimizning mazkur farmonida tarkibida mahallalar tuzilgan shaharcha, qishloq va ovul fuqarolar yig‘inlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalla fuqarolar yig‘iniga birlashtirish va bo‘lish yo‘li bilan qayta tashkil etish belgilab berilgani boshqaruv tizimidagi bu kabi kamchiliklarga barham beradi.

Farmonda ko‘pchilikka ma’qul bo‘lgan yana bir masala – fuqarolar yig‘inlari moddiy-texnik bazasini zamon talablari darajasida mustahkamlashga, sohada mehnat qilayotgan xodimlarni rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlardir. Bu mahalla faoliyati samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Har bir shahar yo tumanning obodligi, avvalo, mahalla obodligidan boshlanadi. Mahallaning obod bo‘lishi hududning boshqaruv markazi bo‘lgan fuqarolar yig‘ini idorasida faollar, komissiyalar, profilaktika inspektori, mahalla posboni va boshqa tuzilmalarning to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun yaratilgan qulayliklarga ham bevosita bog‘liq.

Militsiya tayanch punkti bilan mahalla idorasi bir binoda joylashgan, profilaktika inspektori yig‘in tarkibidagi komissiyalar, keng jamoatchilik bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratilgan hududlarda huquqbuzarliklar keskin kamaymoqda. Masalan, o‘tgan yili viloyatdagi 305 fuqarolar yig‘inining 21 tasi hududida jinoyat umuman sodir etilmagani ham ana shu hamkorlik samarasidir.

Mirzacho‘l tumanidagi “Paxtazor” qishloq fuqarolar yig‘ini idorasi binosida profilaktika inspektori uchun uchta xona ajratilgan. Bu qulaylik aholi o‘rtasida profilaktik tadbirlarni samarali o‘tkazish, faollar, yig‘in tarkibidagi komissiyalar bilan hamkorlikda ishlash imkoniyatini kengaytirmoqda. Kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, notinch oilalar, xorijga ishlashga borib kelgan fuqarolar, vaqtincha ishsizlar yig‘in tarkibidagi komissiya a’zolariga, faollarga biriktirilgan. O‘tgan yili va shu yilning o‘tgan davrida hududda birorta jinoyat sodir etilmagani, voyaga yetmaganlar o‘rtasida ham hech qanday huquqbuzarlik yuz bermagani uning samaradorligini ko‘rsatib turibdi.

– Biron ko‘ngilsizlik ro‘y berganidan keyin uni muhokama etib, tegishli choralar belgilashdan ko‘ra, hududdagi ishsiz fuqaroni ishga joylashtirish, qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchilik gazak olmasdan turib ularni yarashtirish, maktab va kollejdagi davomatni muntazam nazorat qilib borish ham oson, ham samarali, – deydi “Paxtazor” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Qoraqul Qurbonov. – Profilaktika inspektori, mahalla posboni, voyaga yetmaganlar va sport ishlari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha, yarashtiruv va boshqa komissiyalar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani yaxshi samara berayotir. Ular oilalarda, ta’lim muassasalarida faqat tushuntirish, ogohlantirish tadbirlari o‘tkazib qolmasdan, muammoni hal etishga amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Shu yo‘l bilan o‘tgan yili 50 dan ziyod yoshni hududimizdagi korxona va fermer xo‘jaliklariga ishga joylashtirdik. 10 oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi. O‘ndan ortiq fuqaroga tadbirkorlikni boshlashda ko‘mak berildi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
595






Все о погоде - Pogoda.uz