Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2018 06:08 Chop etish versiyasi

Mahalla maslahatchilari bellashdi

Guliston shahrida «Eng faol keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchi» ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi o‘tkazildi.

«Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi hamda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda tuman va shaharlar bosqichidan g‘olib bo‘lgan 11 nafar ishtirokchi o‘zaro bahslashdi.

Tanlov ishtirokchilarining iqtidorlari – fuqarolar yig‘inlarining qonun hujjatlarida belgilangan vazifalar ijrosi borasida amalga oshirgan ishlari taqdimoti, bilim saviyasi, huquqiy savodxonligi, faoliyatiga oid barcha ma’lumotlarning mavjudligi va yangilanib borilayotganligi to‘g‘risidagi hujjatlari yuzasidan sinovdan o‘tdi.

Yangiyer shahridagi “Obod yurt” mahalla fuqarolar yig‘ini vakili Jo‘raqul Boboyev birinchi o‘rinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Guliston shahridagi “Do‘stlik” hamda Shirin shahridagi “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari Sayfiddin Soliyev hamda Mustofoqul Xo‘jaqulovlar qo‘lga kiritdi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘zini o‘zi boshqarish organlariga juda katta imkoniyatlar berilmoqda, – deydi tanlov g‘olibi J.Boboyev. – Ana shu g‘amxo‘rliklarga javoban, avvalo, mahallalarimizda tinchlik, millatlararo totuvlik, aholi bandligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmog‘imiz lozim.

G‘oliblar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
3 937