Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2018 19:40 Chop etish versiyasi

Ma’naviyat – muhim hayotiy qadriyat

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan "O‘zbekiston fuqarolarining qadriyatga oid qarash va tushunchalari" mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarga muvofiq, tadqiqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va siyosiy hayotida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar asnosida O‘zbekiston fuqarolarining asosiy ma’naviy-axloqiy qadriyatlari tizimidagi o‘zgarishlarni monitoring qilish tartibida o‘rganishdan iborat.

So‘rov natijalari aksariyat O‘zbekiston fuqarolari uchun ma’naviyat muhim qadriyat bo‘lib qolayotganini ko‘rsatdi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ma’naviy boyliklarni tiklash, millatning axloqiy namunasini shakllantirish va intellektual salohiyatini yuksaltirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Prezidentimiz tomonidan davlat va jamiyatni modernizatsiya qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar aholida ustunlik qiluvchi qadriyatga oid tushuncha va qarashlar tizimini real tushunib yetish va har tomonlama o‘rganish, fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida qadriyatlarga oid tamoyillarni kompleks ravishda o‘rganishni talab etadi.

Jamoatchilik fikri monitoringi o‘zbekistonliklarning asosiy qadriyatlari va qadriyatga oid qarashlari tizimida ma’naviy-axloqiy sifatlar va e’tiqod markaziy o‘rinni egallab kelayotganini ko‘rsatdi.

Aksariyat o‘zbekistonliklar ongida milliy qadriyatlar, eng avvalo, odatlarimiz, an’analarimiz, xalqimizning ma’naviy o‘zligi, ona tilimiz, tariximiz va madaniyatimizga bo‘lgan muhabbatni saqlash va asrab-avaylashga intilish hisoblanadi.

Respondentlarning fikricha, o‘zbekistonliklarning boshqalardan ajralib turuvchi ijobiy fazilatlari, eng avvalo, ularning ma’naviy-axloqiy tabiatida namoyon bo‘ladi. So‘rov natijalari mamlakatimiz fuqarolariga xos vatanparvarlik, tarixiy, madaniy va intellektual merosga sodiqlik kabi muhim hayotiy qadriyatlar ustuvor ahamiyat kasb etishini ko‘rsatdi.

Ayni paytda ko‘pchilik respondentlar (78,4 foiz) zamonaviy o‘zbekistonliklarning ustuvor qadriyatlari va hayotiy qarashlari tizimida o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, deb hisoblaydi. Fuqarolarning fikricha, hozirgi kunda jamiyatda sodir bo‘layotgan murakkab jarayonlar, axborot oqimining hajmi va ahamiyati keskin ortib borayotgani dunyoning muayyan ko‘rinishini shakllantirish va insonlar, ayniqsa, yoshlar orasida an’anaviy qadriyatlar va me’yorlarning o‘zgarishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

So‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, har uchinchi respondent zamonaviy o‘zbekistonliklarning dunyoqarashida shaxsiy muvaffaqiyatga erishishga qaratilgan pragmatik qadriyatlar ma’naviy qadriyatlardan ustun kelishni boshlamoqda, deb hisoblaydi. Shuningdek, so‘rov natijalari fuqarolar zamonaviy dunyoning salbiy ta’siriga qarshi kurashishning ishonchli usuli shaxsning ma’naviy immunitetini mustahkamlash ekanligini anglab yetayotganini ko‘rsatmoqda. Aynan shuning uchun, respondentlar ta’kidlaganidek, farzandlarni oilasi va Vataniga sodiq, yuksak axloqli insonlar qilib tarbiyalash zarur.

Aholining asosiy qadriyatlarga oid qarashlari tahlili doirasida aniqlangan o‘zbekistonliklarning ijtimoiy kayfiyati va dunyoqarashiga xos ijtimoiy nekbinlik baxt singari asosiy qadriyatga bo‘lgan munosabatda ham namoyon bo‘ldi. Masalan, so‘rov davomida ishtirokchilarning 76,1 foizi o‘zini baxtli inson deb hisoblashini ta’kidladi. So‘rov ishtirokchilarining fikricha, baxt tuyg‘usini tuyish bevosita yaqin insonlarining farovonligiga bog‘liq. Deyarli har ikkinchi respondent mustahkam va ahil oila, yaqin insonlarisiz (bolalar, ota-ona, turmush o‘rtog‘i) o‘zini baxtiyor his qila olmasligini ta’kidladi.

O‘zbekistonliklarning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini ko‘p yillar davomida o‘rganishga asoslangan jamoatchilik fikri monitoringi ko‘rsatganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda milliy o‘zlikni tiklash, qadriyatlar va aholining hayotiy muhim qarashlari tizimida ma’naviyat, fuqarolik va vatanparvarlik kabi tushunchalarning ahamiyatini kuchaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz fuqarolari uchun mehnat ijtimoiy maqom yoki yuqori daromadga ega bo‘lish manbai sifatida muhim ishbilarmonlik omili sanaladi. Ijodiy qobiliyatlarni namoyon qilish g‘oyalari, mehnatga yuksak qadriyat sifatida qarash, mazmunli mehnatga nisbatan ichki harakatlantiruvchi kuch nafaqat iqtisodiy farovonlik, balki shaxs kamolotining muhim sharti sifatida ilgari surilmoqda.

Tadqiqot davomida aniqlanishicha, ko‘pchilik fuqarolar O‘zbekistonda jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda milliy madaniyat ma’naviy qadriyatlar bilan hamohang rivojlanishi va takomillashib borishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan, deb hisoblaydi. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston fuqarolari o‘z diniy ehtiyojlarini qondirgan holda, an’ana va udumlarga erkin amal qilish imkoniga ega ekanligini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizning aksariyat fuqarolari tadqiqot davomida ayrim milliy odat va marosimlarning tartibga solinishi, jumladan, to‘y va oilaviy tantanalarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymagan holda, ixcham va kamxarj qilib o‘tkazish zarurligi bo‘yicha davlatimiz rahbarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Tadqiqot doirasida fuqarolarda davlat ishlariga daxldorlik tuyg‘usi kuchayganligi aniqlandi. So‘rov ishtirokchilarining aksariyati (88,4 foizi) mamlakat uchun ma’naviy javobgarlikni anglagan holda, jamiyatda demokratik qadriyatlar va tamoyillarni rivojlantirish hamda shakllantirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga yo‘naltirilgan faol sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor.

Fuqarolarning 88,2 foizi davlat boshqaruvi tizimi faoliyatining samaradorligi kuchli Prezident hukmronligiga bog‘liq, deb hisoblaydi. Fuqarolar davlat va jamiyat tinchligi, xavfsizligini saqlash hamda mustahkamlashning muhim omili, millatlararo hamjihatlik va milliy davlatchilik asoslarining barqarorligini siyosiy, huquqiy madaniyatni oshirish va milliy o‘zlikni anglashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar tashkil qilishiga qat’iy ishonch bildirgan.



«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini
o‘rganish markazi materiallari asosida

Ablay Kamolov tayyorladi, O‘zA
3 172