O‘zA O`zbek

22.05.2018 14:23 Chop etish versiyasi

Liza Kurtis: “Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlarni boshlab, qo‘lidan kelgan barcha ishlarni qilmoqda ”

Liza Kurtis: “Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlarni boshlab, qo‘lidan kelgan barcha ishlarni qilmoqda ”
Liza Kurtis: Oq uyda Prezident Donald Trampning Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha maslahatchisi, Milliy Xavfsizlik Kengashida mintaqa uchun mas’ul. O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonda safarini tashkillashtirish ortida turgan asosiy rasmiylardan biri. Rasmiy tashrif qanday kechganini Vashingtonda undan yaxshiroq biladigan odam yo‘q desak xato bo‘lmaydi. “Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imamova bilan suhbatda Kurtis xonim nafaqat uchrashuvlar balki bugungi yaqinlik ortidagi omillar haqida ham so‘zladi. AQSH nazarida O‘zbekiston o‘zgarishda, yangilanishda davom etadi.

Savol:

— AQSH — O‘zbekiston aloqalarida juda muhim bir haftaga guvoh bo‘ldik. Prezident Mirziyoyevning tashrifidan qanchalik qoniqdingiz?

Javob:

— Tashrif juda yaxshi o‘tdi. Ikki rahbar til topishdi. Muloqot sermazmun va sermahsul kechdi. Avvalo prezidentlar o‘zlari gaplashib olishdi, keyin esa vazirlar bilan kengroq doirada, keng qamrovli muzokara bo‘ldi. Afg‘oniston, harbiy hamkorlik, iqtisod va biznes, huquq va islohotlar — uchrashuvda bularning hammasi muhokama qilindi.

Savol:

Prezident Tramp Oval kabinetida gapirganida, harbiy hamkorlikni tilga oldi, urg‘uni shunga berdi. Bu esa ko‘plab savollar uyg‘otdi. Bilasiz, huquq tashkilotlari birgalikda va alohida prezidentni huquq bilan bog‘liq masalalarga e’tibor berishga undagan edi. Qancha vaqt ajratildi bu mavzuga?

Javob:

— Huquq masalasi 15-20 kishi ishtirokidagi keng qamrovli muzokarada ko‘tarildi. Bu yig‘inda diniy erkinlik bo‘yicha maxsus elchimiz Sem Braunbek ham qatnashdi. Bu arbobni biz ataylab shu muhokama uchun taklif qildik. Prezident Mirziyoyev bu boradagi ijobiy qadamlarni tilga oldi. Siyosiy mahbuslar ozod etilgani, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi choralar, axborot vositalaridagi ochilish. Bilasiz, “Amerika Ovozi” O‘zbekistonda akkreditatsiya qilindi. Matbuot erkinligi bobida astalik bilan siljishlar bor. O‘zbekistonda progressga guvohmiz. Bu haqda davlat rahbaridan eshitdik. Lekin muammolar va savollar talay, ayniqsa, diniy erkinlik yuzasidan. Bu sohada ham oldinga qadam tashlanadi, degan umiddamiz. O‘zbekiston qay yo‘ldan ketayotganini tushuntirdi. Qizg‘in muhokama kechdi.

Savol:

— O‘zbekiston delegatsiyasi, xususan Prezident Mirziyoyevning o‘zi ham, islohotlar davridagi qiyinchiliklar haqida gapirishga tayyor ekanini aytdi. Muloqotda, masalan, qanday qiyinchiliklar haqida gap ketdi?

Javob:

— Diniy erkinlik masalasidagi qiyinchiliklarga to'xtalishdi. O‘zbekiston uchun bu nozik masala ekani aniq. O‘zbekiston bu borada, bilasiz, Davlat departamentining diniy erkinlik haqidagi hisobotida “alohida xavotirga molik mamlakat” deb belgilangan. Yaqin oylarda bu borada progress bo‘ladi, degan umiddamiz. O‘zbekiston oldidagi sinov bu.

Shavkat Mirziyoyev e’tiborni O‘zbekiston shu kungacha bosib o‘tgan yo‘lga qaratdi. U rahbarlikka kelganiga bir yarim yil bo‘ldi. Islohotlarni boshlab, qo‘lidan kelgan barcha ishlarni qilmoqda. O‘zgarish qilish uchun vaqt kerak.

Islohotlar samara berishi uchun vaqt kerak. Biz bu haqda gaplashdik. Qolaversa, Afg‘oniston masalasi ham muhim. Harbiy hamkorlik haqida eslatdingiz. Prezident Tramp uchun bu masalalar juda dolzarb.

Savol:

— Kecha (17-may) Prezident Mirziyoyev Mudofaa vazirligida bo‘ldi. Bir kun oldin AQSH va O‘zbekiston orasida yangicha strategik hamkorlik boshlanmoqda, deya e’lon qilindi. Qo‘shma bayonotni o‘qidik. Bu qanday kelishuv? Imzolanmagan, shundaymi?

Javob:

— Maqsad – strategik sheriklikning yangi davrini boshlash. 16 yil oldin shunday kelishuvga erishilgan. Shundan beri hamkorlik avj olgan, pasaygan davrlar bo‘lgan. Bu rasmiy tashrif yangi sahifa ochdi. Bu bir kelishuvdan iborat narsa emas, lekin qo‘shma bayonot bu sheriklik ortidagi maqsad va manfaatlarni o‘z ichiga oladi. Uning kuchi shunda, ya’ni dunyoga biz, ikki davlat, qator muhim yo‘nalishlarda birga ishlaymiz va bir-birimizni yaqindan quvvatlaymiz, deya bayon etdik. Ishonchli sheriklar bo‘lishga bel bog‘laganmiz.

O‘zbekistonning AQSH bizneslariga qiziqishi katta. Muzokaralardan ayonki, AQSH O‘zbekistonda iqtisodiy erkinlik va imkoniyatlar kengayishini istaydi. Islohotlar boshlangan, bilamiz, lekin hali ko‘p harakat qilish kerak. Intellektual mulkka egalik huquqi borasida, masalan, dadil qadamlar tashlanishi kerak. Kompaniyalarimiz kirishi uchun bu o‘ta zarur talab. Qonun ustuvorligi nihoyatda muhim. Shartnomalar buzilmasligi va bitimlar belgilanganidek amalga oshishi kafolatlanishi zarur. Prezident Mirziyoyev bu borada katta islohotlar qilmoqchi, buni olqishlaymiz. U tashqaridan ko‘proq sarmoya jalb etmoqchi. Buning uchun esa mamlakatdagi biznes muhit va umumiy sharoit yaxshilanishi kerak.

Savol:

— Harbiy hamkorlikning shartlari nimadan iborat? O‘zbekiston Shimoliy Ta’minot Tizimidagi (Afg‘onistonga noharbiy yuk tashiladigan yo‘nalish) hissasini oshirmoqchi, bilamiz. Bu borada bir necha yillik tajribaga ega. O‘zbekiston, shuningdek, AQSH unga harbiy yordam berishini xohlaydi. Nimaga asosan?

Javob:

— Har qanday harbiy hamkorlik huquq normalariga qanchalik rioya qilinayotganiga qarab beriladi. Biz, avvalo, bir-birimizning tizimlarimizni izchil o‘rganib, mana shunday hamkorlikni qanday olib borish haqida kelishib olishimiz kerak. Qator masalalarda kelishib oldik, endi ularning ustida ishlashimiz kerak. Jarayon murakkab. Vashingtonda ham qilinadigan ishlar ko‘p. Ular olib tashlanmas ekan, Prezident Trampning qo‘li bog‘langan. O‘zbekiston bilan mudofaa va harbiy savdo bo‘yicha hamkorlik qilish uchun bu yerda, siyosiy jihatdan, yo‘l ochilishi kerak.

Savol:

— Kongress ma’qullashi kerak buni, to‘g‘rimi?

Javob:

— Xuddi shunday. Har ikki tomon bunga erishish uchun ter to‘kishi kerak. Imkoniyat bor, xohish bor. O‘zbekiston o‘z chegaralarini mustahkamlash uchun yordamga muhtoj. Afg‘oniston bilan chegara u qadar uzun emas, lekin borini ham himoya qilish kerak. Biz esa madad ko‘rsatishni istaymiz. Terrorizmga qarshi kurashda yaqindan ishlashni istaymiz. Bu esa huquq-tartibot sohasi bilan bog‘liq. Bu masaladagi har qanday kelishuv ikki tomonning manfaatlarini hisobga olishi zarur. Terrorizm har ikki tomon uchun birdek tahdid.

Savol:

— Prezident Tramp va Prezident Mirziyoyev til topishdi, dedingiz. Amerika rahbari qachon Markaziy Osiyoga safar qiladi? Shu kungacha biror prezident mintaqaga bormagan. Hozirgidek damlarda odamlar Amerika rahbari qachon kelar ekan, deb o‘ylanadi. Mintaqa AQSH uchun muhim degan gapni ko‘p eshitamiz.

Javob:

— To‘g‘ri, Tramp ma’muriyati uchun Markaziy Osiyo nihoyatda muhim mintaqa. Yanvar oyida Prezident Nazarboyev kelib ketdi, mana hozir O‘zbekiston prezidenti. Region biz uchun ahamiyatli va u yerda ko‘plab imkoniyatlar ko‘ramiz. Rivojlanayotgan, yangi bozorlar ochilayotgan hudud. Amerika bizneslari va sarmoyasiga talab kuchli. Markaziy Osiyo o‘zgarmoqda, ayniqsa, O‘zbekiston. Prezident Mirziyoyev boshchiligida islohotlar olib borilmoqda. Afg‘oniston kelajagi ham bu mintaqa bilan bog‘liq. Markaziy Osiyo qanchalik oldinga siljisa, Afg‘oniston uchun shunchalik yaxshi.

Rossiya u yerda o‘z ta’sirini saqlab qolishga harakat qilayotgani, Xitoy esa iqtisodiy ta’sirini oshirib borayotgani bejiz emas. Amerika ham o‘z nufuziga ega bo‘lishni, Yevrosiyoning yuragi hisoblanmish mintaqa bilan kuchli rishtalar bog‘lashni xohlaydi. Prezidentimiz u yerga qachon borishini ayta olmayman, lekin ishonchim komilki, rahbariyatimiz Markaziy Osiyoga jiddiy qarab, uning ahamiyatini yuqori baholaydi.

Navbahor Imamova, “Amerika Ovozi” teleradiosi muxbiri O‘zA uchun maxsus
4 183