O‘zA O`zbek

06.03.2018 20:58 Chop etish versiyasi

“Lirika” va “Tramadol” — noqonuniy savdosiga chek qo‘yish kerak

Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar xodimlari bilan hamkorliqda inson ruhiyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘p miqdordagi “Lirika” va “Tramadol” nomli dori vositalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Toshkent shahar Uchtepa tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Galenika Farm” MChJ dorixonasi rahbari, fuqaro J.A xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarilgan 3 ming 360 dona “LYRICA” nomli dori vositasini noqonuniy ravishda sotayotgan chog‘ida qo‘lga olindi.

Shuningdek, ushbu shaxs rahbarligida faoliyat ko‘rsatuvchi “Galenika Farm” mas’uliyati cheklangan jamiyati dorixonasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, ushbu dorixonada yana 112 dona xuddi shu kabi dorilar sotilayotgani, uning egnidagi kurtkasi cho‘ntagida ham 14 dona “LYRICA” nomli dori vositasi borligi aniqlandi.

Ma’lumki, dorixonada dorilarni saqlashning o‘ziga xos talablari bor. Mazkur shaxs mo‘may daromad orttirish ilinjida 111 dona “LYRICA” nomli dori vositalarini dorixonaning yuvinish xonasiga yashirib qo‘ygani fosh bo‘ldi.

Tekshiruv davomida ushbu dorilarni “Dilnur farm plyus” MChJ dorixonasi rahbari fuqaro T.Z keltirib bergani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng mazkur dorilarni yetkazib bergan fuqaro T.Z.ning avtomashinasini ko‘zdan kechirish jarayonida ushbu avtomashinada 10 dona “Tramadol” nomli inson salomatligiga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlandi.

T.Z faoliyat ko‘rsatuvchi “Dilnur farm plyus” MChJga qarashli dorixona xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda dorixonada ham jami 45 dona “LYRICA” nomli dori vositalari noqonuniy ravishda sotish maqsadida saqlanayotganligi aniqlandi.

Achinarlisi shundaki, zanjir tariqasida sodir etilgan ushbu huquqbuzarlik holatlarida dorilar ta’minoti qo‘ldan-qo‘lga, bir dorixonadan ikkinchi dorixonaga noqonuniy yetkazib berish orqali amalga oshirilgan. Chunki fuqaro T.Z.ning dorixonasida sotilayotgan “LYRICA” dori vositasilarining bir qismi M. ismli shaxs tomonidan yana bir qismi esa fuqaro O. tomonidan yetkazib berilgan.

Tezkor tadbir davomida fuqaro O. boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli, avtomashina ko‘zdan kechirildi. 49 dona “LYRICA” nomli dori vositalari borligi aniqlandi.

Mazkur qonunbuzarliklarni sodir etgan shaxslardan qiymati 66,5 million so‘mlik, 3 ming 700 donadan ziyod “LYRICA” hamda “Tramadol” dorilari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur holat buyicha bojxona tekshiruvlari va surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.


P/S: Ana shunday dori vositalarining noqonuniy savdo aylanmasi nima uchundir aynan ma’lum joylarda poytaxtimizning Chilonzor ham Uchtepa tumani hududlarida sodir bo‘lmoqda. Savol tug‘iladi. Nima uchun aynan shu hududlar? Mazkur tumanlarda noqonuniy dori vositalari savdosi sabab bo‘layotgan jinoyatchilikka yetarlicha qarshi kurashilyaptimi? Bu borada ma’lumotlar to‘planib tahliliy material tayyorlanmoqda. Saytimizni kuzatib boring...

O‘zA
12 969