O‘zA O`zbek

01.03.2018 09:16 Chop etish versiyasi

Kosibning kasbiga baraka kirdi

Kosibning kasbiga baraka kirdi Jizzax shahrining eski shahar bozoridagi hunarmandlar rastasiga Qo‘shoqboy ustaning tikkan poyafzalini axtarib keluvchilar ko‘p. Garchi bozorda ustaning bir o‘zi bo‘lmasa-da, u tikkan buyumni xaridorlar yaxshi biladi.

Qo‘shoqboy Jabborov Jizzax shahrining Jizzaxlik mahallasidagi mashhur kosiblar sulolasidan. Mahalladoshlarining aytishicha, Jabborovlarning yetti avlodi kosib o‘tgan. Qo‘shoqboy aka 42 yildan buyon shu kasb bilan shug‘ullanadi. 

5.JPG

Yuzaki qaraganda, bugun kosibning kasbi kasodga uchragandek tuyulishi mumkin. Chunki hozirgi davrda charm-poyafzal sanoatida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Jahon bozorini o‘zining eng zamonaviy poyafzallari bilan zabt etgan dunyoga mashhur firmalar paydo bo‘ldi.

Ammo o‘z kasbini san’at darajasiga yetkazib, bozorda o‘rnini yo‘qotmay kelayotgan ustalar ham bor. Jizzaxning chekka mahallasidagi xususiy do‘konida odamlarning buyurtmasini bajarib kelayotgan Qo‘shoqboy aka poyafzal bozoridagi katta raqobatni yengib kelayotgan kosiblardan. U tikkan poyafzallarning har doim o‘z xaridori bor. Uni doim axtarib kelishadi, buyurtma berishadi, ba’zan oylab kutishadi ham.

Buning boisi Qo‘shoqboy usta tabiiy charmdan bejirim, sifatli tikayotgan tuflilar xorijning mashhur firmalari brendlaridan aslo qolishmaydi.

Ilgari xususiy hunarmand sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Qo‘shoqboy aka bugungi davrga hamqadam ustaxonasini kengaytirayotir. Farzandlari, shogirdlari bilan poyafzal ishlab chiqaradigan “Baxtiyor-Komiljon” xususiy korxonasini tashkil etdi. Ustaxonasiga zamonaviy kosibchilik uskunalari o‘rnatib, uni ishlab chiqarish korxonasiga aylantirdi. 5 nafar usta mehnat qilayotgan korxonada hamma fasllarga mos oyoq kiyimlar hamda ortopedik poyafzallar tayyorlanmoqda. 

6.JPG

– Prezidentimizning 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imkoniyatlarimizni kengaytirdi, – deydi Q.Jabborov. – Ushbu hujjat asosida “Mikrokreditbank”ning Jizzax shahar filialidan 40 million so‘m kredit olib, ustaxonani zamonaviy dastgohlar bilan jihozladik. Bu yil ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida yangi loyihani amalga oshirishga kirishdik.

Usta yangi loyiha asosida xorijdan charmni presslash hamda charm yuzasiga ishlov beruvchi uskunalar keltirib o‘rnatishga harakat qilayotir. Buning uchun yana 60 million so‘m kredit olish uchun hujjatlarni tayyorlab qo‘ydi. Ustaning aytishicha, bu ishni amalga oshirishi bilan korxonada ish o‘rinlari soni 15 taga yetadi.

Viloyatda hunarmandlik va xalq amaliy san’atini rivojlantirishda Jizzaxlik mahallasining alohida o‘rni bor. Mahallada an’anaviy duradgorlik, yog‘och o‘ymakorligi, chilangarlik, beshikchilik, zardo‘zlik va kashtachilik kabi hunardmanlik turlari avloddan-avlodga o‘tib yashab kelayotir. Jizzaxlik chevarlar tomonidan tikilgan zar to‘nlar, kelinlar liboslari, bolalar bezakli kiyimlari yurtimizning boshqa viloyatlarida uchramaydi.

Mamlakatimizda bu sohaning qo‘llab-quvvatlanayotgani hunarmandlik kasbiga baraka kiritmoqda. Endilikda bank kreditlari olayotgan tadbirkorlar faoliyatini kengaytirib, iste’mol bozorini to‘ldirishga salmoqli ulush qo‘shmoqda.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA
7 985