Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.04.2017 15:02 Chop etish versiyasi

Kontrafakt disklar savdosiga chek qo‘yildi

Bugungi globallashuv davrida yoshlarimizga turli yot g‘oyalarni targ‘ib etishga urinayotgan ayrim kimsalar mo‘may pul ilinjida hayosizlik, loqaydlik, vahshiylik, bir so‘z bilan aytganda, yovuzlikni targ‘ib qiluvchi disklar savdosi bilan shug‘ullanayotgani barchamizni sergak torttirishi kerak.

Yoshlar o‘rtasida uchrayotgan illatlarning paydo bo‘lishi va ildiz otishida noqonuniy disklar savdosining kuchli ta’siri bor. Bunday qonunbuzarliklarning oldini olish, kinovideo mahsulotlarini yozish, ijaraga berish va sotish bo‘yicha faoliyatni tartibga solish maqsadida mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 22-martdagi “Kinovideo mahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati bo‘yicha faoliyat turlarini litsenziyalash to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlarda bu boradagi tartib-qoidalar aniq belgilangan. Shunday bo‘lsa-da, joylarda ushbu faoliyat turi bo‘yicha ko‘plab qonunbuzarliklar sodir etilayotgani taassuflidir.

Mo‘may daromad ilinjida turli filmlar, konsert dasturlari, kliplar va boshqa materiallarni yashirin ravishda ko‘paytirib, pullayotgan va qing‘ir yo‘llar orqali noqonuniy olib o‘tishga urinayotgan “tadbirkor”lar mualliflik huquqlarini qo‘pol ravishda buzib, ularga jiddiy zarar yetkazish bilan bir qatorda xorijning ur-yiqit, shovqin-suronli va ba’zida behayo filmlarini keng tarqatish orqali yoshlarimiz ma’naviyatiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 12-maydagi qarori bilan amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati tasdiqlangan. Mazkur ro‘yxatga muvofiq, audiovizual asarlarni, fonogrammalarni va EHM uchun yaratilgan dasturlarni takrorlash, realizatsiya qilish, prokatga berish bilan shug‘ullanish uchun litsenziya talab etiladi.

Amaldagi tartiblarga muvofiq, audiovizual asarlar, fonogrammalar va EHM uchun yaratilgan dasturlarni takrorlash, sotish, ijaraga berish, shuningdek, fonogrammalarni tayyorlash bo‘yicha faoliyat turlari Intellektual mulk agentligi huzuridagi ekspert komissiyasining litsenziyalari asosida yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalariga muvofiq, audiovizual asarlar, fonogrammalar va EHM uchun yaratilgan dasturlarning kontrafakt nusxalarini sotish savdo qoidalarining buzilishi, deb hisoblanadi.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimiz bojxonachilari tomonidan doimiy chora-tadbirlar olib borilib, sifatsiz, litsenziyalanmagan, kontrafakt tarzda ko‘paytirilgan DVD va SD disklar sotilishining oldi olinmoqda.

Yaqinda Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan olingan tezkor ma’lumotga asosan tegishli idoralar bilan hamkorlikda Sharof Rashidov tumani hududida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida Sharof Rashidov tumani hududida yashovchi J.Sagatov (ism-familiya o‘zgartirilgan) xonadoni amaldagi tartiblarga muvofiq va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, hech qanday hujjatlarsiz MR-3 va MR-4 formatdagi har xil teleserial, badiiy va jangari filmlar, klip, konsert hamda qo‘shiqlarni qo‘lbola usulda DVD va CD disklarga yozib, sotish uchun tayyorlab qo‘yilganligi ma’lum bo‘lgan.

Tezkor tadbir davomida xonadondan jami 3135 dona kontrafakt DVD va CD disklar hamda ularni ko‘paytirish uchun ishlatilgan komputer jamlanmalari va har xil rangli bo‘yoqlar ashyoviy dalil sifatida olingan. Hozir mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvi va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

2017-yilning o‘tgan davrida Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan aniqlangan 29 holatda salkam 42 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
1 507






Все о погоде - Pogoda.uz