Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.12.2017 19:06 Chop etish versiyasi

Konstitutsiya targ‘ibotida jurnalistlarning o‘rni qanday bo‘lishi kerak?

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan “Mamlakatimizda qonunchilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida yoritishga oid dolzarb vazifalar” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Jamoat fondi direktori vazifasini bajaruvchi L.Suvonov va boshqalar Konstitutsiyamiz qonun ustuvorligi hamda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishning mustahkam tayanchi ekanligi, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish barcha jabhalardagi islohotlar jarayonida yaqqol namoyon bo‘layotganini alohida ta’kidladi.

Mazkur davra suhbatini o‘tkazishdan asosiy maqsad O‘zbekistonda qonunchilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohada istiqbolda belgilangan vazifalarga oid ishlarni muhokama qilish, mazkur yo‘nalishda bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillarining kasb bilim va ko‘nikmalarini oshirishdan iboratdir.

Davra suhbati “Konstitutsiya – huquq va erkinligimiz kafolati” mavzuidagi ma’naviyat darsi bilan boshlandi. Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ushbu mavzuni ommaviy axborot vositalarida ta’sirchan vositalar orqali keng yoritishda jurnalistlar oldida turgan vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

– Bosh qomusimiz asosida mingdan ortiq yangi qonun va o‘ndan ziyod kodeks qabul qilindi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri Bahodir Ismoilov. – Ularning barchasi Asosiy qonunimiz mazmunida aks etgan fuqarolarning munosib hayot kechirishini ta’minlash hamda insonparvar demokratik davlat barpo etish yo‘lida xizmat qilib kelmoqda. Konstitutsiyaning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etish, aholi, ayniqsa, yosh avlod ongu shuurida ona Vatanga muhabbat, qonunlarimizga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash, huquqiy madaniyati va huquqiy bilimlarini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalari tomonidan berilayotgan materiallarning ham alohida o‘rni bor.

Davra suhbatida jurnalistlarning ijtimoiy va ijodiy faolligi, huquqiy bilimi, kasb malakasini oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
2 483