Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

26.02.2018 15:45 Chop etish versiyasi

Kodekslarga qanday o‘zgartishlar kiritildi?

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan yangi qabul qilingan Iqtisodiy protsessual kodeks, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks va yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Iqtisodiy protsessual kodeksda uning amaldagi Xo‘jalik protsessual kodeksidan farqli jihatlari va ularni sud amaliyotida qo‘llashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar ochib berilgan. Ushbu kodeks keng jamoatchilik muhokamasi, jumladan, turli soha vakillari bilan uchrashuvlar, olimlar, advokatlar, tadbirkorlarning fikrlari, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba va amaliyotni chuqur tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan. Unda chet ellik shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari ishtirokidagi ishlarni hamda xorijiy sudlar va arbitrajlar qarorlarini e’tirof etish hamda ijro etish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati viloyat darajasidagi iqtisodiy sudlar sudloviga taalluqli ekani belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, yangi kodeksga sudda vakil sifatida ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha professional faoliyat bilan faqat advokatlar shug‘ullanishi mumkinligi haqidagi qoida kiritildi. Nizolar samarali hal qilinishini ta’minlash, taraflar o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolishga shart-sharoit yaratish maqsadida ularni o‘zaro kelishtirish bilan bog‘liq huquqiy mexanizm takomillashtirilib, kelishuv bitimiga oid yangi bob qo‘shildi.

Bundan tashqari, apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarining hal qiluv qarorlarini bekor qilish va birinchi instansiya sudiga qaytarish bo‘yicha vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, ish yuzasidan uzil-kesil qaror qabul qilish tartibi joriy qilindi.

Kodeksdagi yana bir muhim yangiliklardan biri – nazorat instansiyasida ish yuritish tartibini belgilovchi normalar tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Endilikda nazorat instansiyasida ishlar nafaqat Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlarining protesti, balki taraflarning nazorat shikoyati asosida ham ko‘rib chiqiladi.

Tadbirda yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, fuqarolik sud ishi yurituvini mukammal tartibga solish va huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida kodeks yangi tahrirda qabul qilinib, unga yangi boblar kiritildi. Xususan, fuqarolik sud ishi yurituvi prinsiplari, protsessual majburlov choralari, yarashtiruv tartib-tamoyillari, yo‘qolgan sud va ijro ish yurituvini tiklash, voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish, xorijiy sudlar va arbitrajlar qarorlarini e’tirof etish va ijro qilish kabilar shular jumlasidandir.

Yangi tahrirdagi kodeksga muvofiq, birinchi instansiya sudlarida sansalorliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida arizani harakatsiz qoldirish instituti tugatilib, uning o‘rniga arizani qaytarish instituti kiritildi. Shu bilan birga, kodeksda fuqarolik sud ishlarini yuritishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish belgilab qo‘yilgani odamlarning ortiqcha vaqt va mablag‘ini tejashga xizmat qilishi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksida bir tarafdan davlat organlari va (yoki) ularning mansabdor shaxslari hamda boshqa tarafdan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar, tashkilotlar o‘rtasidagi ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ish yuritish tartibi, shuningdek, boshqa ommaviy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha ishlar yuritilishi tartibga solingan.

Qayd etilgan barcha yangi kodekslar 2018-yil 1-apreldan kuchga kirishi belgilangan.

Yangi qabul qilingan kodekslar va qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan seminarlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, BMT Taraqqiyot dasturi va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) "O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik" qo‘shma loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
4 326