Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.06.2018 12:50 Chop etish versiyasi

Ko‘kabuloqlik o‘qituvchi nasha ekkan... mi?

Ko‘kabuloqlik o‘qituvchi nasha ekkan... mi?
Saytimizda Surxondaryo viloyatida o‘tkazilayotgan “Qoradori-2018” tadbiri chog‘ida turli giyohvand moddalar yetishtirayotgan shuningdek, og‘ufurushlikni ixtiyor etmoqchi bo‘layotgan shaxslarning siri fosh etilgani xususida xabar bergan edik.

Bu safar yana viloyatda zahri qotil parvarishlash yoki uni sotib, mo‘may daromad qilish ilinjida bo‘lgan ba’zi kimsalarning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yilgani bilan bog‘liq ayrim holatlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Denov tumanidagi Ko‘kabuloq mahallasida yashovchi, ishsiz Qaynar So‘fiyev(ism-shariflar o‘zgartirilgan)ning yashash uyi o‘tinxonasi orqa tomoni ko‘zdan kechirilganda yetti tup nam holatdagi “nasha” o‘simligi hamda o‘tinxonasi old qismidagi g‘ishtlar orasidan 9 dona oq qog‘ozga o‘ralgan 72,07 gramm “marixuana” giyohvand moddasi yashirilgani aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shu kuni ichki ishlar idoralari xodimlari xolislar ishtirokida mazkur mahallada yashovchi, umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Oromboy Boybo‘sinovning uzum bog‘ini ko‘zdan kechirdi. Buni qarangki, yoshlarga ilm-fan, insof, diyonatu halollikdan saboq beradigan O.Boybo‘sinov uzumzorida 23 tup “nasha” o‘simligini parvarishlayotgan ekan. Shunday qilib, ichki ishlar idoralari xodimlari ulug‘ nomga dog‘ tushirgan ko‘kabuloqlik o‘qituvchining nobop qilmishini ham fosh etdi.

– Viloyat ichki ishlar boshqarmasi va Sho‘rchi tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda “Xayrobod” mahallasidagi “Oltin kosa” oshxonasida “Obodon” mahallasida yashovchi, uy bekasi Maynagul Qulmatova ko‘knori boshog‘ining 37,57 gramm yanchilgan somonini 2 million so‘mga pullayotganida qo‘lga tushib qoldi, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboyev. – Bu voqeadan so‘ng uning yashash uyi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida sof vazni 161,81 gramm “Opiy” va 1 kilogramm 526 gramm ko‘knori somoni borligi aniqlanib, hujjatlashtirildi. Shuningdek, Denov tumanidagi Do‘stlik mahallasida yashovchi Sanjar Tog‘ayevning tomorqasida parvarishlanayotgan 56 tup, shu tumandagi “Sunbula” mahallasida yashovchi, ishsiz Haydar Abdiyev yashash uyidagi olma bog‘ida 67 tup ko‘knor va 5 tup “nasha” o‘simligini parvarishlab kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Dashtchinor mahallasida yashovchi, 63 yoshdagi Aslan Avazov tomorqasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, 52 tup “Ko‘knor” giyohvandlik o‘simligi parvarishlanayotganiga duch kelindi. Uning yashash uyi devorida osilgan xaltacha ichida 0,22 gramm “Opiy” giyohvandlik vositasini saqlab kelayotgani aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi. Uzun tumanidagi Yangi kuch mahallasida istiqomat qiluvchi Shobir Shakarjonovning tomorqasida yetishtirilayotgan ikki tup “Nasha” o‘simligi ham “Qoradori – 2018” tadbirida aniqlanib, rasmiylashtirib olindi.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 210