O‘zA O`zbek

12.07.2018 16:41 Chop etish versiyasi

Ko‘k buloq yordamga muhtoj!

Ko‘k buloq yordamga muhtoj! O‘zbekiston mo‘jizalar o‘lkasi. Har qadamda biror bir ziyoratgoh, shifobaxsh buloq, tarixiy maskanlarga duch kelasiz.

Toshkent viloyatidagi “Ko‘k buloq ota” ziyoratgohi ham mo‘jiza tufayli paydo bo‘lgan buloqlardan biri desak, yangilishmaymiz.

Yo‘l chetida dalalarga tutashib ketgan bu makon aslida u qadar ham ko‘zga tashlanmaydi. Biroq, uni biladiganlar va foydasini sezganlar soni ham ko‘p ekan. Yo‘qsa, buloq atrofidagi kaftdek supa va karovotlar oilaviy kelganlar bilan liq to‘la bo‘lmasdi. Achinarlisi, bu yerga keluvchilar uchun suv bo‘yidagi daraxtlar soyasida qurilgan supalar va o‘choqlardan boshqa hech qanday sharoit yo‘q. Ha-ya, o‘tgan yilning kuzida qurilishi boshlangan ikki xonali binoni hisobga olmaganda.

– Har yili bir necha marta bu buloqa oilamiz bilan kelamiz, – deydi Shokir Abdullayev. – Atrof qancha issiq bo‘lsa ham, suv muzdek. Bu yerda kechayu kunduz mayin shabada esib turadi.

Bu ziyoratgohning paydo bo‘lishi 8–9-asrga borib taqalishini bobomdan eshitganman, – deydi Norbibi momo. – Bu yerlarda Hazrati Ali jang qilgan deb aytishadi. Biz ham ixlos bilan har yili bir-ikki marta mahallamiz ayollari bilan yig‘ilib, kelib ketamiz.

Bu joyning paydo bo‘lish tarixi bilan qiziqib bergan savollarimizga buloq atrofini tozalab, kelib-ketayotganlarni duo qilib o‘tirgan Javlon Komiljonov shunday javob berdi:

– Bu buloqqa qarab turganlarning 9-avlodiman. Eng birinchi Bobokolonim Fozil avliyo bo‘lganlar. Bizga o‘tib kelayotgan shajaraga ishonadigan bo‘lsak, bobom Ali avlodlaridan hisoblanadi. Keling, sizlarga mana shu Ko‘k buloq va To‘ytepa haqidagi voqeani aytib beray.

O‘z davrida mana shu hududda, ya’ni Ko‘k buloq atrofida Hazrati Ali jang olib borgan ekanlar. Yovning qo‘li baland kelib, ular qamalda qolganida qarshi tarafning shoxi Alining boshi uchun yarim davlatini va qizini taklif qiladi. Shunda o‘zini Ali deb tanishtirgan Adham ismli sahobani ular o‘ldirishadi. Bu xabardan g‘azablangan Ali katta qo‘shin to‘plab, jangga kiradi va yov ustidan g‘alaba qozonadi. Shunda hozirgi To‘ytepaning o‘rnida qirq kecha kunduz to‘y beradi. Shu tariqa To‘ytepa nomi paydo bo‘lgan. Ko‘k buloq esa hazrati Alining oti jangga kirishdan oldin depsingan joy bo‘lib, yerdan qaynab chiqayotgan kichik buloq yillar o‘tishi bilan yiriklashib, hozirda 20 sotix yerni egallab turibdi.

Buloq suvi bir necha marta tekshirilganda tarkibida kumush, oltin borligi aniqlangan. Bu suv chanqoqni qondirish bilan birga, turli kasalliklarga ham davo bo‘ladi. Misol uchun, yo‘tal, teri kasalliklari, oshqozon, uyqusizlik, qabziyat, astma kabilarni davolaydi.

Yozning hozirgidek, issiq kunlarida 20-30 nafar odam kelayotgan bu buloqning atrofida hech qanday qulaylik yo‘qligi achinarli. Juda ko‘p pul sarflab, xorijdagi dam olish maskanlariga borgandan ko‘ra, yurtimiz tadbirkorlari tabiatning in’omi bo‘lgan mana shunday buloqlar atrofini obod qilishda homiylik qilishsa, shunday joylarda turizmni rivojlantirsak, qanday yaxshi ish bo‘lardi. Bundan ham xalq, ham davlat naf ko‘rgan bo‘lardi. Vaholanki, buloq atrofi obodonlashtirilsa, uning tarixi bilan qiziqqan xorijlik sayyohlar soni yanada ortishi shubhasiz.

O‘zA
4 071