Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2018 21:27 Chop etish versiyasi

Ko‘chat ekish emas, uni o‘stirish muhim

Ko‘chat ekish emas, uni o‘stirish muhim O‘simlik olami, ayniqsa, daraxtlar inson salomatligini mustahkamlaydigan, kishiga ma’naviy zavq beradigan, atrof-muhit musaffoligini, ekologik barqarorlikni ta’minlaydigan tabiat in’omlaridan biri.

Xalqimizda azaldan ko‘chat ekib, bog‘ yaratgan insonlar ulug‘langan. Bahor kirib kelayotgan shu kunlardda har bir kishi nimadir ekishga ishtiyoq sezadi. Ayniqsa, Navro‘z bayrami arafasidagi umumxalq hasharlarida turli daraxt va gul ko‘chatlarini o‘tqazish yaxshi an’anaga aylangan.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi ma’lumotlariga ko‘ra, 2013-yilda yurtimizning shahar, qishloq va mahallalari hududi, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar atrofiga 25 million tupdan ziyod manzarali, mevali daraxt ko‘chatlari ekilgan. 2014-yilda 1- martda o‘tkazilgan xayriya hasharida esa qariyb o‘n olti million ko‘chat o‘tqazilgan. 2015-yilda 18, 2016-yilda 22, 2017-yilda 24 million tup ko‘chati o‘tqazildi.

Hisoblab ko‘rilsa, so‘nggi besh yilda yuz milliondan ziyod ko‘chat ekilgan. Bu besh yilgi ko‘rsatkich, xolos. 27 yilga chaqilsa, juda katta son kelib chiqadi. Shuncha ko‘chat rostdan ham ekilgan bo‘lganida O‘zbekiston o‘rmonzor bo‘lib ketishi kerak edi. Mevali daraxtlar unib-o‘sgan bo‘lsa, dasturxonimizga sig‘may ketardi.

– Hammamizga ma’lumki, har bir ko‘chatga parvarish kerak, – deydi O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish, qayta tiklash va melioratsiya boshqarmasi bosh mutaxassisi Zafar Eshqulov. – Har yili obodonlashtirish oyligida boshqarmaga tegishli xo‘jaliklarda yetishtirilgan ko‘chatlar respublikamizning barcha hududlariga yetkazib beriladi. Ko‘chatlarning inson va tabiat uchun foydali bo‘lishi bilan birga, yurtimizning iqlim sharoiti, tabiatiga mosligi, unib ketishi kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratiladi. Ammo shuni tan olib aytish kerakki, aksariyat hollarda ko‘chatlar ekiladi va shu holicha qolib ketadi. Parvarishlash borasida oqsoqlikka yo‘l qo‘yiladi. Shuni aytish kerakki, xonadonlar uchun sotib olingan ko‘chatlarning deyarli hammasi unadi. Ammo markaziy ko‘chalar, tashkilotlar, mahallalar hududida ekilgan ko‘chatlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ladi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
9 059