Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.04.2017 17:24 Chop etish versiyasi

Klavixoni hayratlantirgan bog‘lar

Yaxshidan bog‘ qoladi. Xalqimiz qadim-qadimdan obodonchilik va bunyodkorlikka intilib yashagan. Buyuk ajdodimiz Amir Temur barpo etgan ulkan bog‘u sayilgohlar betakror uslubi, mahobati va go‘zalligi bilan o‘z davrida katta shuhrat qozongani, bu milliy qadriyatimiz bugun ham hayotimizda bardavom ekani buning isbotidir.

Sohibqironning Samarqand atroflaridagi xushmanzara joylarda barpo ettirgan katta istirohat bog‘lari serhosil va xushta’m mevalar yetishtirish, insonlar uchun madaniy hordiq chiqarish, tabiat bilan uyg‘un yashash, go‘zallikdan bahra olish maskani bo‘lib kelgan.

Amir Temur bog‘lari ikki xil bo‘lgan: chorbog‘lar va tabiiy bog‘lar. Chorbog‘lar asosan to‘rtburchak shaklda bo‘lib, ularni teng to‘rt qismga ajratib turadigan ariqlar o‘tkazilgan. Atrofidagi baland devorlarning har burchagida minora bo‘lgan. Markazda ko‘shk joylashgan.

Tabiiy daraxtzor va chakalaklar bag‘rida barpo etilgan bog‘lar hukmdor shikor (ov) qilishi uchun mo‘ljallangan. Ularning asosiy qismi tabiiy holda saqlangan. Kichik bir qismida dam olish uchun saroy, ko‘shk va chodirlar qurilgan, hovuzlar qazilib, favvoralar o‘rnatilgan. Bu tabiiy bog‘lar o‘z davridagi qo‘riqxonalar bo‘lib, o‘simlik va hayvonot dunyosi nihoyatda boyligi bilan ajralib turgan.

XV asr boshida G‘arbiy Yevropaning eng chekka o‘lkasi Ispaniya qiroli Genrix III de Trastamara nomidan 1404-yili Samarqandga Amir Temur huzuriga elchi bo‘lib kelgan Rui Gonsales de Klavixo “Samarqandga, Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” asarida bu haqda qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirgan.

Klavixo Samarqand atrofida Amir Temur barpo qildirgan ko‘plab bog‘larni ko‘rib hayratga tushgan: "Shahar atrofida bog‘lar va uzumzorlar shunchalik ko‘pki, u yerga yetib kelgan kishi go‘yoki o‘rtasida shahar joylashgan baland daraxtlar o‘sib yotgan bir o‘rmonga yaqinlashganday bo‘ladi, ular ba’zi joylarda bir-ikki liga (5-10 kilometr) masofagacha yastangan". Ispan sayyohi yana Amir Temur katta maydonlarda maxsus uzumzorlar barpo etganini, shahar tashqarisida ko‘proq aholi istiqomat qilishi, shahar atrofidagi bog‘larda hashamatli saroylar qurilganini ta’kidlagan. Uning yozishicha, shahar va bog‘lar orqali juda ko‘p ariqlar o‘tkazilgan.

Samarqand shahri yaqin atrofida Amir Temur va uning avlodlari barpo etgan o‘ndan ortiq ko‘rkam bog‘lar ma’lum: Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Chinor, Bog‘i Behisht, Bog‘i Buldo, Bog‘i Amirzoda Shohrux, Bog‘i Zog‘on, Bog‘i Baland, Bog‘i Amirzoda Ulug‘bek, Bog‘i Maydon...

Klavixo o‘z «Kundaliklari»da sakkiz bog‘ haqida so‘z yuritib, ulardan to‘rttasining nomini eslatadi: Talisiya yoki Kalbet – Gulbog‘ (Bog‘i Davlatobod), Dilikaxa – Bog‘i Dilkusho, Bayginar – Bog‘i Chinor, Bagino – Bog‘i Nav. Mazkur chorbog‘larda ispan elchisi rasman mehmon bo‘lgan. Chunki ular Amir Temur bog‘lari ichida eng hashamatlisi sanalgan.

“Davlatobod bog‘i. Paxsa devor bilan o‘ralgan, uzunligi bir liga (5572 metr). Unda turli mevali daraxtlar, jumladan, sitronlar va limonlar o‘sardi. Oltita katta hovuz bor edi. O‘rtada bog‘ning boshidan oxirigacha sharqirab ariq oqardi. Hovuzlar orasidan keng xiyobonlar qilingan, ularning ikki tomonida viqor bilan qad ko‘tarib turgan ulkan daraxtlar soya solib turardi. Mazkur xiyobonlardan butun bog‘ bo‘ylab katta-kichik yo‘lkalar mavjud va ularda yurib bog‘da sayr qilsa bo‘ladi», deb qayd etadi Klavixo.

Uning yozishicha, bog‘ o‘rtasida tuproq to‘kib hosil qilingan yassi tepalik ustida ko‘rkam ko‘shk barpo etilgan. Ko‘shk joylashgan tepalik aylanasiga suv to‘ldirilgan handaq bilan o‘ralgan. Unga maxsus ariqdan uzluksiz suv quyilib turgan. Ko‘shk joylashgan tepalikka o‘tish uchun handaq ustida ikkita ko‘prik barpo etilgan. Ko‘priklardan darvozalarga borilib, so‘ng zinalar orqali tepalikka chiqilgan. Bu bilan mazkur ko‘shk mustahkam himoyaga olingan.

"Bog‘da ohular va ko‘plab tovuslar sayr qilardi, ularni bu yerga senyor (Temurbek) buyrug‘iga ko‘ra keltirganlar. Bog‘dan maydoni (ana shu) bog‘ hududiga teng keladigan uzumzorga o‘tiladi, u ham paxsa devor bilan o‘ralgan. Devor bo‘ylab ekilgan daraxtlar baland qad ko‘targan, juda ko‘rkam", deb yozadi ispan elchisi.

Rui Gonsales de Klavixo Bog‘i Behisht «juda katta bog‘» ekani, uning «baland va hashamatli darvozasi pishiq g‘ishtdan qurilgan»i, «turli naqshlar, lazur va zarhal bilan ziynatlangan»ini yozadi: «Unda ko‘plab mevali va salqin soya beradigan daraxtlar o‘sadi, yog‘och to‘siqlar bilan ajratilgan, odamlar sayr qiladigan xiyobonlar va yo‘lkalar bor. Bog‘da juda ko‘p chodirlar qurilgan va rang-barang gilamlar hamda kashtali ipak matolardan soyabonlar o‘rnatilgan».

Ispan elchisi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bog‘ o‘rtasida hashamatli, chiroyli bino qad ko‘targan, ko‘rkam ziynatlangan. Uning sahni va devorlariga koshin qoplangan.

«Binoning o‘zida uchta ayvon bor. Eng kattasi kiraverishda joylashgan arksimon qilib qurilgan, unda oltin suvi yuritilgan katta kumush stol bo‘lib, uning balandligi odam bo‘yi, eni – uch tirsak (uzunligicha) keladi, uning oldida – o‘rin, (ustiga) kimxob va turli ipak matolardan tayyorlangan zardo‘zi to‘shamchilar qavat-qavat qilib solingan. Bu yerda senyor (Temurbek) o‘tirardi. Devorlarga pushti rangdagi ipak pardalar ilingan. Bu pardalar oltin qoplangan zumrad marvarid va boshqa (qimmatbaho) toshlar o‘rnatilgan qadama bezaklar bilan ziynatlangan. (Ustidan) eni bir qarich chamasidagi ipak matolar tepadan pastga osilgan, xuddi pardalar misoli bezatilgan. Mazkur matolar uchida rang-barang ipak popuklar osilib turardi. Shabada esganda ular har tomonga tebranib turar va juda chiroyli (manzara) hosil qilardi. Arksimon qilib qurilgan bu ayvonga kiraverishdagi nayzasimon tirgaklar ham xuddi shunday ziynatlangan edi; ularga yergacha osilib turgan ipak arqonlarga katta-katta popuklar osilgan», deb yozadi Klavixo.

Uning qayd etishicha, boshqa ayvonlar o‘zgacha zeb berilgan pardalar bilan shinam qilingan. Bu uyning o‘rtasida, eshik oldida oltindan yasalgan to‘rt oyoqli ikkita stol bo‘lgan. E’tiborlisi, stol va uning oyoqlari yaxlit bir butun quyma holda tayyorlangan. Ularning ustiga yetti oltin ko‘za qo‘yilgan, ikkitasiga tashqi tomoniga yirik marvarid, zumrad va firuza (toshlar) o‘yib o‘rnatilgan, har birining jo‘mrakchasi yoni yoqutdan ishlangan.

Yana bir muhim jihati – bu bog‘lar taqribiy shakllantirilmay, puxta o‘ylangan, aynan Amir Temurning me’moru bog‘bonlar bilan tuzgan tarh-rejalari asosida yaratilganida. Bunda nafaqat ziroatchilik madaniyati, balki bugungi til bilan aytganda, landshaft dizaynining ilk ko‘rinishlari namoyon bo‘ladi. Xususan, Sohibqiron bog‘laridagi o‘simliklar turi va navlarini tanlashda bir-biridan keyin ochiladigan mavsumiy gullar, manzarali va mevali daraxtlarni aralash ekishga katta ahamiyat qaratilgan. Ya’ni bu sayilgohlar imkon qadar ko‘proq mavsum yashnab, ko‘zlarni quvnatib turgan. Shu bois ular olis Yevropadan kelgan sayyohlarni lol qoldirgan.

Bularning barchasi bir haqiqatga yetaklaydi: xalqimizning bunyodkorlik salohiyati hamisha insoniyat uchun yuksak ibrat namunasi bo‘lib kelgan. Ajdodlarimiz qoldirgan bunday boy meros istiqlol yillarida yangi davr avlodlari salohiyati bilan yangicha ma’no-mazmun kasb etib, yanada boyimoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizning barcha joyida aholining mazmunli dam olishi va hordiq chiqarishi uchun yangi madaniyat va istirohat bog‘lari barpo etilmoqda, mavjudlari rekonstruksiya qilinayotir. Bunda bolalarning sport maydonchalari, attraksionlar, suv havzalari, raqs va ko‘chma sirk uchun mo‘ljallangan maydonchalar, amfiteatr, shinam o‘rindiqlar, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari qurilayotgani natijasida mazkur istirohat maskanlari yaxlit majmua sifatida namoyon bo‘layotir.

Ularning yanada ko‘rkam va fayzli bo‘lishi, zamonaviy attraksionlar bilan boyitilishi, avvalo, oilaviy sayr va sayil qilish, farzandlarga quvonch ulashish, pirovardida, har bir yurtdoshimiz hayotiga yanada mazmun va zavq bag‘ishlashdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Bunda ajdodlarimizning, xususan, Sohibqiron Amir Temurning boy merosi o‘ziga xos bunyodkorlik maktabi bo‘lishi shubhasiz. Zotan, mamlakatimizning har bir maskanida qadim va buyuk tariximizning barhayot nafasi kezib yurishi xalqimizni teran tomirlarga tayanib, o‘z tarix sahifalarini yozish, hayot mazmunini anglab yetish, bunyodkorlik zavqi va quvonchi bilan yashashdek katta maqsadlarga undaydi.

Omonullo Bo‘riyev,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik
instituti katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari nomzodi.

O‘zA
4 044






Все о погоде - Pogoda.uz