Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.12.2017 19:11 Chop etish versiyasi

Klaster usuli – obodlik va turmush to‘kinligiga xizmat qiladi

Klaster usuli – obodlik va turmush to‘kinligiga xizmat qiladi Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi «Angor Surxon g‘ururi» mas’uliyati cheklangan jamiyati paxtachilikda hosilni parvarishlashdan tortib, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha bosqichni o‘zida mujassam etgan klaster usulini joriy etmoqda.

7 (1).jpg

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida bu usulga mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining yetakchi tarmoqlaridan biri – O‘zbekiston paxtachiligining kelajagi sifatida yuksak baho berdi. Mazkur loyiha hosilni parvarishlashdan tortib, mahsulotni qayta ishlaydigan zamonaviy zavod va fabrikalar qurish, paxta xomashyosini to‘la qayta ishlashni tashkil etishi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, joylarda qishloq xo‘jaligi hamda yengil sanoat tarmog‘ini yanada rivojlantirish, mahsulot sifatini yaxshilash hisobiga qo‘shimcha qiymat yaratish, eksportbop tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari ochish, qayta ishlash jarayonidagi barcha ishtirokchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish, aholi daromadi va turmush farovonligini yuksaltirish, yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash, ulardan malakali kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgani bilan e’tiborga sazovordir.

5 (1).jpg

Viloyatda zamonaviy yangi loyihani amalga oshirish uchun Angor tumanidagi Qorasuv, Navshahar va Sharof Rashidov nomidagi massivlardan 5 ming 512,7 gektar sho‘rlangan yer maydoni ajratib berildi. Ayni paytda tadbirkorlar bu yerda zamonaviy agrar talablarga javob beradigan yuqori rentabelli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, doimiy xaridor va daromadga ega bo‘lish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, sohada malakali kadrlar tayyorlash, mamlakat eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashish kabi vazifalarni bajarishda rivojlangan davlatlar tajribasini qo‘llash va erta bahorda urug‘ qadashga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.

12.jpg

– Davlatimiz rahbari Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ham agrar tarmoqni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, sohaga xorij tajribasini joriy etish va har qarich yerdan unumli foydalanish lozimligini muhim vazifa sifatida belgilab berdi, – deydi «Angor Surxon g'ururi» mas’uliyati cheklangan jamiyati agronomi A.To‘rayev. – Biz ham korxonamizga ajratilgan yerda ilg‘or innovatsion g‘oyalarni tatbiq etib, yuqori hosildorlikka erishmoqchimiz. Buning uchun xorijdan to‘rt nafar malakali mutaxassis jalb etildi. O‘n besh nafar oliy ma’lumotli agronom va muhandis ishga qabul kilinib, ularning malakasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, hududdagi aholining 320 nafari ish bilan ta’minlandi. Kelgusida ularni ham xorijga o‘qish va malaka oshirishga yuborib, innovatsion g‘oyalarni yanada puxta o‘zlashtirishni yo‘lga qo‘yamiz. Shu asosda korxona uchun malakali kadrlar tayyorlab boramiz. Bunday yirik loyihaga viloyat hokimi ham katta qiziqish bilan qarab, har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda.

4 (1).jpg

Paxtachilikda yangicha usulni qo‘llab, hosildorlikni 20-25 sentnerdan 50-60 sentnerga yetkazishni mo‘ljallayotgan tadbirkorlar mavjud maydonlarning meliorativ holatini yaxshilash, sifatli shudgorlash va zararkunandalar ko‘payishining oldini olishga alohida ahamiyat qaratdi. Shu maqsadda hozirgacha ekin maydoni atrofidagi 159 kilometrlik kanal, ariq va zovurlarning 50 kilometrdan ortig‘i loy, qamish va boshqa zararli o‘tlardan tozalandi. Yerlarni tez, sifatli shudgorlash uchun qiymati 15 milliard so‘mlik 220 va undan yuqori ot kuchiga ega traktor hamda zamonaviy texnologik chizellar xarid qilindi. Bu jarayonda uzoq yillardan buyon yerning bez qatlami bo‘lib kelgan va shuning oqibatida hosildorlikni pasaytirib yuborgan qatqaloqni yanchish agrotexnologiyasi qo‘llanmoqda. Yer 60 santimetr chuqurlikda haydalib, unumdor tuproq va mineral o‘g‘itlar bilan boyitilmoqda. Bir gektar ekin maydoniga 300 kilogramm ammofos, 100 kilogramm kaliy, 50 kilogramm azot sepilayotir. Bu yumushlar tufayli ekin ildizi 50-60 santimetr chuqurlikka yetkaziladi. Suv berilganida uning 70-80 santimetr chuqurlikka singishiga puxta zamin yaratib, hosildorlikni ikki barobar oshiradi.

10.jpg

Korxona rahbarlarining ta’kidlashicha, Surxondaryo viloyatida olib borilayotgan innovatsion loyihalar ijrosiga mas’ul bo‘lgan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Toshkent shahar bosh boshqarmasi "Akademik" filiali vohada yirik yangilikka qo‘l urgan yer egalari tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida olib borish, mavjud texnika va uskunalarni qayta jihozlash uchun 72 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratdi. Bu mablag‘ 45 ta zamonaviy “NEW HOLLAND” traktori, 100 ta osma va tirkamali qo‘shimcha va yordamchi texnika vositalari, shuningdek, mahsulotni qayta ishlaydigan texnologik uskunalar xarid kilishga yo‘naltirildi.

14 (1).jpg

Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkorlar ajratilgan ekin maydonlarining 3 ming 500 gektarida paxta yetishtirishdan boshlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha barcha ish jarayoni sikliga ega bo‘lgan innovatsion to‘qimachilik klasteri yaratmoqda. Qiymati 50 million dollarlik loyiha doirasida AQShning “LUMUS” kompaniyasi bilan paxta xomashyosini qayta ishlaydigan, shuningdek, Shveytsariyaning “RITTER” kompaniyasi bilan ip-kalava ishlab chiqarish zavodi qurish, Italiyaning “TERROT” kompaniyasi bilan tayyor mato mahsulotlari ishlab chiqaradigan trikotaj fabrikasi barpo etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmokda.

Loyiha to‘liq ishga tushgach, ming ish o‘rni yaratiladi. Xomashyoni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish natijasida qo‘shilgan qiymat 400 barobar ortib, vohaning eksport salohiyati yanada o‘sadi.

– Dehqonchilikda zararkunandalarga o‘z vaqtida qarshi kurashish va ishchilarning unumli mehnat qilishi uchun qulay sharoit yaratish qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil olishda muhim ahamiyatga ega, – deydi «Angor Surxon g'ururi» korxonasi mas’ul xodimi Z.Kenjayev. – Ayni paytda aholi yashash joyidan uzoq hududda ilg‘or texnologiyalarga asoslangan biolaboratoriya qurilmoqda. Bu paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining vegetatsiya davrida zararkunandalarga qarshi samarali kurashishda keng imkoniyat yaratadi. Har 500 gektar yer maydoni atrofida qad rostlayotgan zamonaviy dala shiyponlari agrotexnik tadbirlarni davomli olib borish, ishni uzluksiz tashkil etish, mehnat unumdorligini oshirish va mutaxassislarning ishdan bo‘sh vaqtida dam olishi uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Mazkur loyihaning yana bir e’tiborli jihati shundaki, tadbirkorlar har qarich yerdan samarali foydalanishning aniq hisob-kitobiga ega. Shu asosda o‘ta sho‘r bosgan 17 gektar maydonda zamonaviy ma’muriy bino, mashina-traktor parki, paxta qabul qilish punkti, xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish fabrikalari, yog‘-moy zavodi quriladi. Almashlab ekish uchun ajratilgan 1 ming 500 gektar yerda karam, kartoshka, qizil lavlagi, rediska, gul karam, pomidor, tarvuz, eksportbop no‘xat yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Hosili yig‘ib olingach, takroriy ekilgan yeryong‘oq va mosh to‘liq eksportga yo‘naltiriladi.

Yana bir gap. Mulkdorlar Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ajratgan 11,5 million dollar kredit mablag‘i evaziga 100 gektar maydonda yengil konstruksiyali zamonaviy issiqxona qurishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uning 20 gektarida intensiv limon bog‘i barpo etiladi. 20 gektarida erta pishar shaftoli, 10 gektarida qulupnay, qolgan maydonda ko‘kat yetishtiriladi. Bu ham korxonada mavjud maydonlardan oqilona foydalanish, aholining tabiiy, servitamin oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qoplash va mamlakatimiz eksport salohiyatini yuksaltirish birlamchi vazifa sifatida belgilab olinganiga yaqqol dalildir.

Tadbirkorlarning biznes loyihasida korxonaning ikkilamchi xomashyosi – kunjara, shulxa, somon va boshqa mahsulotlardan samarali foydalanish ham o‘z aksini topgan. Bu ishlarni ro‘yobga chiqarish uchun chorvachilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Bu qishloq aholisining bandligini ta’minlash, daromadi va turmush darajasini oshirishga yordam beradi. Ichki bozorni arzon, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash ko‘lamini kengaytiradi. Korxonaga qo‘shimcha daromad keltiradi.

Bularning barchasi inson manfaatlari ustuvor bo‘lgan mamlakatimizda obod va to‘kin turmushimiz bunyodkorlari – qishloq xo‘jaligi xodimlariga ko‘rsatilayotgan alohida e’tiborning amaldagi ifodasidir.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
4 388