Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 14:06 Chop etish versiyasi

Kitobxonlik saodatga eltadi

Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi va “Surxon yoshlari” viloyat gazetasi hamkorligida Boysun tumanidagi 28-umumta’lim maktabida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir shunday nomlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda ma’naviyat targ‘ibotchilari, Pulhokim qishlog‘i jamoatchiligi, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi rahbari F.Sharipov va boshqalar mamlakatimizda aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning kitob mutolaasiga ishtiyoqini oshirish, kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilimli, yuksak ma’naviyatli avlodni tarbiyalashga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Yoshlarda kitobga mehrni kuchaytirish uchun mavjud kutubxonalarni ijtimoiy-siyosiy, badiiy va bolalar adabiyotlari bilan yanada boyitish, ko‘proq kitobxonlik kechalari tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. “Surxon yoshlari” viloyat gazetasi bosh muharriri, shoir Isroil Shomirov o‘zi o‘qigan mazkur umumta’lim maktabi kutubxonasiga 226 nomdagi 500 dona badiiy, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ommabop kitob sovg‘a qildi.

– Ta’lim muassasamizda 462 o‘g‘il-qiz zamonaviy sharoitlarda tahsil olmoqda, – deydi Boysun tumanidagi 28-umumta’lim maktabi direktori Ergash Shukurov. – O‘quvchilarimiz bilimlar bellashuvi, turli tanlov va sport musobaqalarining tuman, viloyat bosqichlarida sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Bugungi tadbir ularning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilgan bo‘lsa, sovg‘a qilingan rang-barang kitoblar adabiyot to‘garagi faoliyatini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda havaskor yoshlar o‘z ijodidan namunalar o‘qidi, kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 406






Все о погоде - Pogoda.uz