Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.09.2017 14:34 Chop etish versiyasi

Kitobga do‘st tutingan hech qachon qoqilmaydi

Kitobga do‘st tutingan hech qachon qoqilmaydi Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini, mutolaa madaniyatini oshirish, kitob targ‘iboti orqali ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yuksaltirish, shuningdek, kitob mahsulotlari chop etish va tarqatish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi "Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida"gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Andijonda “Sog‘lom va ma’naviy yetuk avlod – yurt kelajagi” shiori ostida o‘tkazilgan “Bolalar kitobi” III respublika festivalida bu alohida ta’kidlandi.

Kitobga do‘st tutingan hech qachon qoqilmaydi

Viloyat hokimligi, matbuot va axborot, madaniyat, xalq ta’limi boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda taniqli shoir-yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, yosh ijodkorlar, yoshlar ishtirok etdi.

– Festival doirasida adabiy-badiiy yarmarkalar, kitoblar taqdimoti, mushoiralar, adiblar bilan uchrashuvlar, kitob targ‘ibotiga bag‘ishlangan turli tanlovlar bo‘lib o‘tdi, – deydi viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i A.Sultonov. – Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodning kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirish, ma’naviyatini yuksaltirishga ko‘maklashishdir.

Andijon viloyati “Kitobsavdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi savdo tashkilotlari, “Sharq ziyokori” mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyat filiali tomonidan tashkil etilgan kitoblar savdo yarmarkasi, Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi, “Yangi asr avlodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyat bo‘limining kitoblar ko‘rgazmalari ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

Yosh ijodkorlarning yangi kitoblari taqdimotida mamlakatimizda yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida birgina joriy yilda o‘nga yaqin andijonlik yoshlarning yangi kitob va to‘plamlari chop qilingani qayd etildi.

– Yaqinda “Buvimning o‘gitlari” nomli ilk kitobim nashrdan chiqdi, – deydi yosh ijodkor, Andijon davlat universiteti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi Sadoqat Solijonova. – Bunday tadbirlar biz, yoshlarni bir maqsad atrofida birlashtirib, yurt ravnaqi yo‘lida yanada ko‘proq o‘qish, izlanish va sidqidildan mehnat qilishga undaydi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan yosh ijodkorlar mushoirasida Muhammad Yusuf nomidagi o‘zbek tili va adabiyotiga ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari hamda “Bobur izdoshlari” yosh ijodkorlar to‘garagi a’zolarining chiqishlari, viloyat teatrlari artistlari tomonidan viloyat qo‘g‘irchoq teatrida kitob targ‘ibotiga bag‘ishlangan “Kitob – mo‘jiza” deb nomlangan teatrlashtirilgan tomosha barchada katta taassurot qoldirdi.

Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida kitobxonlikni targ‘ib etishga bag‘ishlangan seminar hamda taniqli ijodkorlarning yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda kitobning inson hayoti va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi. Faol ishtirok etgan o‘quvchilarga kitoblar sovg‘a qilindi.

– Kitobni o‘ziga do‘st tutgan inson hayotda hech qachon qoqilmaydi, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri To‘lan Nizom. – Muntazam kitob o‘qiydigan inson bilimli, odob-axloqli, yuksak ma’naviyatli shaxs sifatida jamiyatda nafaqat o‘z o‘rnini topa oladi, balki, uning faol a’zosiga aylanadi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
1 145






Все о погоде - Pogoda.uz