Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2017 20:30 Chop etish versiyasi

Kitob va yoshlar

Surxondaryo viloyati axborot-resurs markazida O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan “Kitob va yoshlar” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Partiya faollari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, professor-o‘qituvchilar, shoir va yozuvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yosh avlodning kitobga qiziqishini oshirish, aholi o‘rtasida mutolaa va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, kitob do‘konlari savdosini keng yo‘lga qo‘yish, kutubxonalar faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Partiyamiz dasturida yoshlarda mutolaa madaniyatini yuksaltirish, xalqimizning boy tarixi, madaniy-ma’naviy merosiga oid adabiyotlarni ko‘paytirish, targ‘ib etish, bu borada ijodkorlar, nashriyotlar va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhim vazifa sifatida belgilangan, – deydi partiya viloyat kengashi ijroiya qo‘mitasi devoni rahbari Saydulla Abduraimov. – Partiya tashkilotlari chekka tuman va qishloqlarda ham kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirmoqda.

Tadbirda elektron kitobxonlik va badiiy kitob mutolaasining qulayliklari, chop etilayotgan zamonaviy asarlarning tarbiyaviy ahamiyati, oliy ta’lim muassasalari kutubxonalarining talabalar hayotidagi o‘rni haqida fikr almashildi.

– Elektron darsliklar, audio, video qo‘llanmalar o‘qib-izlanishda talaba-yoshlarga qulay bo‘lishi mumkin, ammo badiiy asarni kitob holida o‘qish insonga o‘zgacha zavq beradi, – deydi Termiz davlat universiteti amaliy matematika va axborot texnologiyalari yo‘nalishi magistri Shohrux Umarzoda. – Falsafiy, tarixiy va badiiy asarlar mening eng yaqin do‘stim, sirdoshim. Bo‘sh vaqtimda bunday kitoblarni sevib mutolaa qilaman. Yaqinda fransuz adiblarining o‘zbek tiliga o‘girilgan “Haqiqat manzaralari” nomli to‘plamini katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Ularning falsafiy fikrlari dunyoqarashimni yanada boyitdi.

Ochiq muloqot yakunida “Kitob va men” mavzuida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
3 261






Все о погоде - Pogoda.uz