Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

28.02.2018 09:12 Chop etish versiyasi

“Kitob tarqatuvchilar” assotsiatsiyasi tuziladi

Bu haqda Buxoro tumanida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriyev ma’lum qildi.

Prezidentimizning 2017-yil 13- sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosida Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni kunda viloyatda kitob savdosiga ixtisoslashgan 20 do‘kon faoliyat yuritmoqda. Agentlik bosh direktori L.Tangriyev viloyatdagi mazkur kitob do‘konlari egalari bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi. Duch kelayotgan ayrim muammolarni bartaraf etish va istiqboldagi vazifalar bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Ta’kidlanganidek, xalqimizni kitob mahsulotlari bilan ta’minlash va kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun "Kitob tarqatuvchilar" assotsiatsiyasini tashkil etish zarur. Mazkur assotsiatsiya xaridorlar va kitob do‘konlari o‘rtasidagi aloqani mustahkamlab, o‘zaro me’yorni belgilab beradi, takliflar bildiradi, bu sohadagi muammolarni bartaraf etishda ko‘prik vazifasini bajaradi.

Kitob sotuvchilarni tashkiliy, uslubiy, ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizdagi nashriyotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishiga ko‘maklashish, kitob savdosi menejmentiga o‘rgatish, o‘quvchilarning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, nashriyotlarning nashr rejalarini shakllantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi.

Mamlakatimizda yiliga 3 ming nomdan ziyod, qariyb 60 million nusxada adabiyotlar nashr etilmoqda. Lekin ularni joylarga arzon narxlarda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish masalasida muammolar mavjud. Shuni hisobga olib, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi huzurida “Kitob tarqatuvchilar” assotsiatsiyasi tuzilishi belgilangan.

– Korxonamiz aynan kitob savdosi va targ‘iboti bilan shug‘ullanadi, – deydi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Book sale” korxonasi rahbari A.Kamolov. – Mazkur assotsiatsiyaning tuzilishi va viloyatlarda o‘z vakiliga ega bo‘lishi biz, har kuni duch keladigan muammolarni bartaraf etishda ayni muddao bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Shu kunlarda assotsiatsiyaning tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Erkin Yodgorov, O‘zA
5 722