Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2018 12:28 Chop etish versiyasi

Kimdir o‘q bilan, kimdir tilla bilan!

Kimdir o‘q bilan, kimdir tilla bilan! Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “Moskva-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi B.M. o‘ziga tegishli bagajda 1 dona jangovar holatdagi 7,62 mm. kalibrli patron va huddi shu patron uchun mo‘ljallangan 1 dona o‘qni yashirincha olib kirmoqchi bo‘lganda qo‘lga olindi.

Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiy-veb saytida ma’lum qilinishicha, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” chegara-bojxona posti xodimlari tilla tangalarni respublikamizdan olib chiqishga bo‘lgan urinishni ham bartaraf etishdi.

“Toshkent-Moskva” reysi bo‘yicha parvozga otlangan fuqaro N.F. bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yonida olib chiqish ta’qiqlangan tovarlar yo‘qligini ma’lum qilgan.

Ammo, unga tegishli bagajning nazorat-rentgen apparatidagi shubhali tasvirlari buni tasdiqlamadi. Bagaj tekshirilganda, ushbu shaxs nonlar orasiga bekitgancha 2 dona umumiy og‘irligi 8.6 gramm tilla tangalarni bojxona nazoratidan yashirincha olib chiqmoqchi bo‘lgani aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi qoshidagi Badiiy ekspertiza boshqarmasi xulosasiga ko‘ra, ushbu tangalar XIX asrning oxirlarida Chor Rossiyasida zarb qilingan tangalarning asli emas, balki nusxasi bo‘lib chiqdi. Shunga qaramay, tangalar xarakteristikasida numizmatika predmetlari bo‘lganligi sababli ularni olib chiqishdan avval Badiiy ekspertizaga taqdim etish lozim edi. Mazkur tangalarning taxminiy bahosi 3 million 220 ming so‘mga baholangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

O‘zA
4 657