Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.06.2018 13:17 Chop etish versiyasi

Kichik sanoat zonalarida tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar qanday?

Kichik sanoat zonalarida tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar qanday?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlarga tashrifi chog‘ida joylarda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishib, ishbilarmon va tadbirkorlarga keng imtiyozlar yaratish, korxonalarning xorijiy hamkorlar topishiga ko‘maklashish, ularning chet el bozorlariga chiqishi va mahsulotlari eksportini kengaytirishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlarda bo‘lgani kabi poytaxtimizda ham sanoatni jadal rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining uchinchi yo‘nalishida erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha ulkan maqsad va vazifalar belgilangan.

Har bir hududning iqtisodiy taraqqiyoti, salohiyati uning tadbirkorlik va ishlab chiqarishga yaratilgan keng imkoniyatlari bilan belgilanadi. Bu esa, o‘z navbatida, o‘sha hududning ijtimoiy rivojiga, aholi farovonligiga, sohalardagi muammolarning yechimiga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 18-maydagi “Toshkent shahrida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq poytaxt tumanlarida 8 ta kichik sanoat zonasi tashkil etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan qisqa vaqt mobaynida kichik sanoat zonalarida 674 nafar tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnomalarga asosan 709,2 ming kvadrat metr bino va inshootlar ajratildi. Bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati 965,1 milliard so‘mni, shundan xorijiy investitsiyalar miqdori 13,4 million dollarni tashkil qiladi. 16,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilandi. Shu paytgacha rejadagi 674 investitsiya loyihalaridan 487 tasi ishga tushirildi.

Bu korxonalarda yillik mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3,2 trillion so‘m, mahsulot eksporti hajmi 93,9 million AQSH dollariga yetkazilishi rejalashtirilgan. Toshkent shahridagi kichik sanoat zonalarida to‘qimachilik, kimyo, oziq-ovqat, elektrotexnika mahsulotlari, mebel, zamonaviy qurilish materiallari hamda ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining samaradorligi ularga yaratilayotgan sharoitlar, berilayotgan imtiyozlarga ham bog‘liq. Shu jumladan, kichik sanoat zonalarida tadbirkorlik subyektlariga zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Buni Yakkasaroy kichik sanoat zonasi misolida ko‘rishimiz mumkin.

– Tadbirkorlar uchun zarur qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratib kelyapmiz, – deydi “Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi” rahbari Rustam Nuraliyev. – Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari faoliyati to‘liq ta’minlangan. Ya’ni, 30 ta elektr inshootlari, 5 ta suv yetkazib beruvchi hovuzlar (artezan quduqlar), 20 kilometr kanalizatsiya quvurlari, tozalash inshootlari, temir yo‘llar, liftlar shular jumlasidan. Sanoat zonasida tadbirkorlarga bepul yuridik maslahat ko‘rsatish xonasi mavjud. Notarial idora xizmati, bank xizmati, tibbiy xizmat, kutubxona, umumiy ovqatlanish va savdo majmuasi, jismoniy tarbiya va sport kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, tadbirkorlarga davlat idoralari vakillari tomonidan xizmat ko‘rsatish uchun davlat idoralarining vakolatxonasi, ya’ni maxsus xona tashkil etilgan.

14.jpg

Kichik sanoat zonasida olib borilayotgan ishlar natijasida ko‘pgina bino va inshootlar qayta tiklanib, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Tadbirkorlar tomonidan yuqori sifatli, tejamkor, jahon andozalari va talablariga mos bo‘lgan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida zamonaviy uskunalar o‘rnatilmoqda.

Sanoat zonasida hozirgi kunda tuzilgan ijara shartnomalari soni 302 taga yetdi. 10 yil davomida kiritiladigan investitsiya miqdori 160 milliard so‘m, yaratiladigan ish o‘rinlari 7 mingtani tashkil etadi. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan korxonalar tomonidan 40 million AQSH dollaridan ortiq mahsulotlar eksport qilindi. Joriy yilda korxonalar tomonidan 46 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. O‘tgan yili 7 ta korxona eksport qiluvchi korxona sifatida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bu yil 15 tani tashkil etdi.

“Kremoff” savdo belgisi ostida faoliyat yuritayotgan korxonada 10 turdagi poyabzal kremlari ishlab chiqariladi. 35 ish o‘rni yaratilgan. Mahsulotlar qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda.

– Mahsulotlarimiz xorijning yetakchi brend mahsulotlaridan aslo qolishmaydi. Xalqimizga sifatli mahsulot yetkazib berayotganimizdan mamnunmiz, – deydi korxona savdo menejeri Hojiakbar Saidxo‘jayev. – Kichik sanoat zonasida biz kabi tadbirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar faoliyatimiz qamrovini yanada kengaytirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda. Mavjud imkoniyatlardan unumli foydalangan holda maktab o‘quvchilari uchun bo‘yoq-akvarel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Bu mahsulotimizni ham eksport qilish rejamizda bor.

Nurillo Nasriyev, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
2 281