O‘zA O`zbek

08.05.2018 14:51 Chop etish versiyasi

Kengashli to‘y – tarqamas

Guliston shahridagi Ulug‘obod mahallasida to‘ylarni tartibga solish, ixchamlashtirish, ortiqcha hasham va dabdababozlikka yo‘l qo‘ymaslik, oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Shahar hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, prokuratura, “Nuroniy” jamg‘armasi shahar bo‘limi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shahardagi 17 mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari, imom-xatiblar, oqsoqollar, faollar, katta hayotiy tajribaga ega otaxonu onaxonlar, namunali hamda ajrashish uchun ariza bergan yosh oilalar ishtirok etdi.

Xalqimiz to‘y-marosimlarni yaxshi ko‘radi. Biror mavrid bahona elga osh berish, ko‘pning duosini olishni orzu qiladi. Bu – ezgu niyat. Lekin bugungi kunda ortiqcha dabdababozlik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilayotgani, milliy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan turli rasm-rusumlar urfga kirayotgani, bu esa kuyov tomonni ham, kelin tomonni ham iqtisodiy tang ahvolga solib qo‘yayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shuncha tushuntirish va targ‘ibot ishlariga qaramasdan, afsuski, to‘ylarga hamon 700-800 mehmon taklif qilish hollari uchramoqda, bu esa yosh oilalarda ajrimlar soniortishiga asos bo‘lmoqda.

– Joriy yilning o‘tgan davrida Guliston shahrida 21 oila ajrashish haqida ariza bergani achinarlidir. Afsuski, ular ota yo onasiz qoladigan norasida go‘daklar taqdiri xususida o‘ylab ham ko‘rmayapti, – deydi Guliston shahar prokurori S.Bozorov. – To‘g‘ri, ajrashishga ariza bergan 8 yosh oila yarashtiruv komissiyasi sa’y-harakati bilan saqlab qolindi. Ammo bu qoniqarli emas, chunki qolgan 13 oila, norasida farzandlar ertasi nima bo‘ladi? Demak, hali bu borada amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan ishlar ko‘p.

Ulug‘obod mahallasidagi 1 ming 30 oilada 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ushbu mahalladan ham 3 yosh oila FHDYO bo‘limiga ajrashish xususida ariza bergan, yarashtiruv komissiyasi bu oilalarni atroflicha o‘rganib, 2 tasi davra suhbati davomida yarashtirilgan. Ammo bir oila yaqin qarindoshi bilan turmush qilgani sabab 5 yilfarzand kutishgan. Nihoyat, ota-ona bo‘lay deyishganda, bola jonsiz tug‘ilgan. Tibbiyot xulosasiga ko‘ra, ular ajrashishi lozim, aks holda bolalari nogiron tug‘ilishi yoki birinchisi kabi holat takrorlanishi mumkinligi inobatga olinib, ikki tomonning roziligi bilan ajrashishga ruxsat etildi.

– Boshqa tumanda istiqomat qiluvchi qaynonamning singlisi Rossiyada ishlayotgan turmush o‘rtog‘imga turli bo‘lmag‘ur gap-so‘zlarni yetkazgan, u haqda esa menga shunday ig‘volarni to‘qib-bichgan, – deydi fuqarolardan biri. – Erim Rossiyadan kelgach, biz ana shu g‘iybat, mish-mishlar tufayli kelisha olmay, ajrashishga ariza berdik. Yarashtiruv komissiyasi, xotin-qizlar qo‘mitasi, ota-onalarimiz aralashib, bizni to‘g‘ri yo‘lga solishdi. Shahar prokuraturasi turmush o‘rtog‘imga shu yerdan ish ham topib berdi. Xudoga shukr, farzandimizning baxtiga, bizning baxtimizga oilamiz saqlab qolindi, Hozir ahil-inoq yashamoqdamiz.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
2 903