Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.12.2017 19:21 Chop etish versiyasi

Kelinni yangi uyga tushiramiz

Kelinni yangi uyga tushiramiz Navoiy shahrida 210 xonadonga mo‘ljallangan yetti qavatli beshta uy foydalanishga topshirildi. Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yillik bayrami arafasida qurib bitkazilgan uylarda barcha qulaylik yaratilgan.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari tinchligimiz, xalqimizning birdamligidan nishona ekani ta’kidlandi. Ayniqsa, shahar va qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish, zamonaviy arxitektura andozalari asosida ko‘rkam inshootlar barpo etish aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish, eng muhimi, yosh hamda ehtiyojmand oilalarni uy-joy bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

4.JPG

Ushbu turar joy binolari davlatimiz rahbarining 2016-yil 22-noyabrdagi “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida “SMP 151” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa muddatda va sifatli qilib bunyod etildi.

5.JPG

Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli qurilish-montaj boshqarmasida 20 yildan beri mehnat qilib kelayotgan Ilhom Menixolov oilasiga uch xonali xonadon kaliti tantanali topshirildi.

– Katta o‘g‘limizni unashtirib qo‘yganimiz uchunmi, bugungi xursandchilik xuddi to‘ydek tuyulayapti, – deydi xonadon bekasi Oysuluv Usmonova. – Ilgari 2 xonali yotoqxonada 3 o‘g‘il, bir qizimiz bilan biroz qisilib qolgan edik. Bu, ayniqsa, mehmondorchilik, keldi-ketdida yanayam sezilardi. Yangi uyning fayzi boshqacha ekan. Farzandlarimiz uchun alohida yotoqxona, shinam mehmonxona, barcha qulaylikka ega oshxona menga juda ma’qul. Asosiysi, narxi hamyonbop. Buning uchun Prezidentimizga rahmat. Nasib etsa, yangi yilda kelinni yangi uyga tushiramiz. Sizlar ham keling, mehmon bo‘lasiz.

Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA
903






Все о погоде - Pogoda.uz