Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.04.2017 18:12 Chop etish versiyasi

Jizzax viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Nuroniylar maskani” majmualari barpo etiladi

Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Jizzax viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Ushbu farmon inson manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, jamiyatning ijtimoiy ko‘makka muhtoj toifalarini qo‘llab-quvvatlash davlatimizning doimiy e’tiborida ekanini yana bir bor tasdiqladi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Jizzax viloyati bo‘limi raisi N.No‘sharov. – Farmon asosida yoshi ulug‘ insonlarning turmush sharoitini yanada yaxshilash, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Bunda nuroniylarning oilalarda, mahallada va jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Viloyatda 72 ming 450 nafar faxriy, jumladan, 1 ming 632 nafar urush va mehnat faxriylari istiqomat qilmoqda. Nuroniylarning 36 nafari 100 yoshdan oshgan.

Xalqimiz turmush farovonligining yuksalishi, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatining yaxshilanishi natijasida yurtimizda o‘rtacha umr ko‘rish darajasi ortib, pensiya yoshida ham mehnat qobiliyatini yo‘qotmay, davlat va jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan yurtdoshlarimiz safi kengayib bormoqda.

Faxriylar fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda jamiyatimizning ma’naviy-axloqiy negizlarini mustahkamlash, oilalarda tinchlik-xotirjamlikni ta’minlash, yoshlarni vatanparvar, mehnatsevar, mard va halol insonlar etib tarbiyalashda faol ishtirok etmoqda. Jamg‘arma tuman va shahar bo‘limlari tomonidan mehnat jamoalari va fuqarolar yig‘inlarida huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy mavzularda uchrashuv, suhbatlar tashkil etilmoqda.

Prezidentimiz farmoni asosida “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat, tuman va shaharlar bo‘limlarida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishlarda faxriylarning boy hayotiy tajribasi, bilimi va mahoratidan samarali foydalanishga e’tibor qaratildi. Jamg‘arma hududiy bo‘limlari kengashlari tarkibiga mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda faol ishtirok etayotgan faxriylar kiritildi.

Davlatimiz tomonidan faxriylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda “Nuroniy” jamg‘armasi hududiy bo‘limlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, nuroniylar maskanlarini madaniyat va aholi dam olish markazlari hududlarida joylashtirish belgilangani yanada katta qulaylik yaratmoqda.

Jamg‘arma viloyat bo‘limining Jizzax shahridagi Xotira xiyoboni hududida joylashgan ma’muriy binosi o‘tgan yili qayta qurildi. 700 million so‘mlikdan ziyod mablag‘ evaziga “Nuroniylar maskani” majmuasida 13 xona, 100 o‘rinli majlislar zaliga ega ma’muriy bino, alohida choyxona barpo etildi. Idoradagi barcha xonalar zamonaviy mebel va komputer jamlamalari bilan jihozlanib, qulay ish sharoiti yaratildi.

Mazkur binoda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 6 milliy madaniy markazning barchasiga alohida xonalar ajratilgan. Bu millatlararo totuvlik va ahillikni yanada mustahkamlashga bag‘ishlangan tadbirlarni hamkorlikda tashkil etishda katta qulaylik yaratayotir.

Jamg‘armaning G‘allaorol tumani bo‘limi binosini qayta ta’mirlash rejalashtirilayotir. Ayni paytda idora hududida “Nuroniylar maskani” majmuasini barpo etish ishlari boshlab yuborildi.

Farmon asosida viloyatning barcha tuman va shaharlar hokimliklari tomonidan “Nuroniy” jamg‘armasi hududiy bo‘limlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari ishlab chiqilgan. Do‘stlik, Zomin, Mirzacho‘l va Forish tumanlari hokimlarining qarorlari bilan “Xotira bog‘i”, madaniyat va istirohat bog‘lari hududlarida “Nuroniylar maskani” majmualari qurish uchun yer maydonlari ajratilib, loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda.

Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi arafasida viloyatning barcha tumanlari markazi va shaharlarda “Nuroniylar maskani” majmualarini qurib foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Tuman va shahar hokimliklari tomonidan “Nuroniy” jamg‘armasi hududiy bo‘limlarini komputer jamlamalari va mebellar bilan to‘liq ta’minlash ishlari amalga oshirilmoqda.

“Nuroniy” jamg‘armasi hududiy bo‘limlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar bo‘lim xodimlari uchun qulaylik yaratishdan tashqari faxriylarning ijtimoiy faolligini oshirishga ham xizmat qilayotir. Faxriylarning “Nuroniylar maskani”ga kelib, o‘zaro muloqotda bo‘lib turishi, ularning faolligini oshiradi. Bu faollik, shubhasiz, faxriylarning o‘zlariga ham, jamiyatimizga ham foydalidir.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
1 579






Все о погоде - Pogoda.uz