Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.04.2017 16:58 Chop etish versiyasi

Keksalar doim e’zozda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 9-may – Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan joylarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarining holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limlari hamkorligida o‘tkazilayotgan aksiya doirasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joylarini ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi.

– Mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikdan nuroniylarimiz ko‘ngli ko‘tarilib, umriga umr qo‘shilmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi raisi Sh.Usnatdinov. – Prezidentimiz farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tuzilgan ishchi guruh a’zolari har bir urush qatnashchisining xonadonida bo‘lib, ularning yashash sharoitlarini o‘rgandi. Haj safari va avtomobil harid qilish uchun sertifikat haqida tushunchalar berildi. Ular istiqomat qilayotgan turar joylarni mukammal va joriy ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Ikki nafar urush faxriysiga namunaviy loyihadagi uylardan ajratildi. Farmonda belgilangan 2 million so‘m pul mukofotiga qo‘shimcha ravishda har bir urush qatnashchisi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan 400 ming va “Nuroniy” jamg‘armasi hisobidan 100 ming so‘mdan pul mablag‘lari ajratildi. Uy-joylarni ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini, pul mukofotlarini topshirishni 1-mayga qadar yakunlaymiz.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 45 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va 1 ming 200 dan ziyod front orti mehnat faxriysi istiqomat qiladi. Nuroniylarning salomatligini mustahkamlash, turmush sharoitini yanada yaxshilash va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
4 169






Все о погоде - Pogoda.uz