Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.12.2017 18:06 Chop etish versiyasi

Katta hayot yo‘llarida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaylik

Katta hayot yo‘llarida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaylik Haydovchi yon ko‘zgudan avtobusning orqa eshigi zinalaridan imillabgina ko‘tarilayotgan ikki yo‘lovchi qizni ko‘rdi. U dugonalarning avtobusga chiqib olishini bir muddat kutdi. Lekin beixtiyor “Singgillarim, tez-tez yurishning iloji bormi? Odamlar o‘qishga, ishga shoshayapti”, deb yubordi zardali ovozda. Bu undov jamoat transportining oldingi o‘rindiqlarida o‘tirgan yetti-sakkiz yo‘lovchini baravariga ortga qaratdi. Dugonalar ildamlab, salonda ko‘rinish berdi. Ularning biri qo‘ltiqtayoqda edi. Haydovchi qizlardan uzr so‘rashga chog‘landi, o‘rnidan turdi...

Bugungi kunda poytaxtimizdagi xususiy korxonalardan birida bosh hisobchi bo‘lib ishlayotgan, boshqalarday erkin yura olmasligidan tushkunlikka tushib, jamiyatdan uzilib qolmagan Nodira Tillayevaning o‘zi bilan bog‘liq xotiralarini tinglar ekanman, xayolimda mana shunday manzaralar gavdalandi.

...Toshkent shahrida UNICEF tomonidan 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan «Faollashtirish» deb nomlangan tadbir tashkil etildi. Unda nogironligi bo‘lgan insonlar, ularning ota-onalari, tibbiyot sohasi mutaxassislari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.

Tadbirda mamlakatimizda aholini kuchli ijtimoiy muhofaza qilish, alohida e’tiborga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

– Boshlang‘ich sinfda «a’lochi» bo‘lmaganman, – deydi O‘zbekiston Milliy universitetining ijtimoiy fanlar fakulteti katta o‘qituvchisi Abdulla Abduxalilov – Ko‘zim ojizligi, menga ishonmagani uchun bo‘lsa kerak, o‘sha davrda ko‘pchilik o‘qishni to‘xtatishimni maslahat bergan. Menga o‘shanda ota-onam chin yurakdan ishondi. Ishonch bildirdi. Darslardan chetlatish masalasi ko‘tarilganda esa onam maktabni a’lo baholarga tamomlashimga ishonchi komil ekanini aytib, meni olib qolishlarini iltimos qilgan. Shuni aytishim kerak, universitetda a’lo baholarga o‘qidim. Fikrimcha, eng asosiysi, farzandlarga ishonch bildirish, ularda har qanday vaziyatda ishonch uyg‘otish juda muhim.

Uchrashuvda turli hayot tajribasiga ega nogironligi bo‘lgan insonlar bolalik chog‘larida o‘zlari uchragan to‘siqlarni qanday yengib o‘tganini so‘zlab berdi. Mutaxassislar va ota-onalarning nogironligi bo‘lgan farzandning ulg‘ayishida nimalarga ko‘proq e’tibor qaratish lozimligi haqida fikrlari tinglandi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
1 100






Все о погоде - Pogoda.uz