Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.02.2018 09:58 Chop etish versiyasi

Karvon manziliga yetolmadi

Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Navoiy viloyati Navbahor tumani hududida o‘tkazilgan tadbir davomida “Sarmishsoy-Qalqonota” yo‘nalishida harakatlanayotgan 4 ta avtomobildan  iborat "karvon" to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Avtomobillar salonida fuqarolar G.Q., X.J., T.K. va  Sh.E.ga tegishli 140, 420, 150, 120 kilogramm og‘irlikda polietilen qoplarga solingan toshlar tarkibida tilla qimmatbaho metali mavjudligi aniqlangan.

Bir mahalladan bo‘lgan bu qo‘shnilar hech qanday ruxsatnomasiz Sarmishsoy tog‘li hududidan qazib olingan ushbu toshlarni Xatirchi tumaniga olib borib, tarkibidagi tilla qimmatbaho metalini ajratib olishni maqsad qilganliklari ma’lum bo‘ldi.

Ushbu fuqarolarning noqonuniy xatti-harakatiga o‘z vaqtida chek qo‘yildi. Daliliy ashyo sifatida olingan 830 kilogramm og‘irlikdagi, tarkibida tilla nodir metali bo‘lgan toshlar sud qarori bilan Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga topshirildi.

Ushbu holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, 2017-yil davomida 11 holatda bu turdagi huquqbuzarliklar fosh etilib, noqonuniy qazib olingan 7 tonnadan ortiq tarkibida tilla zarralari mavjud toshlar davlat foydasiga musodara qilingan.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
6 822