Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.02.2018 22:20 Chop etish versiyasi

Kamoliddin g‘olib bo‘ldi

Kamoliddin g‘olib bo‘ldi Navoiyda o‘tkazilgan “Ichki ishlar organlarining namunali tayanch punkti” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida Karmana tumani Uyrot mahallasidagi 46-ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika katta inspektori birinchi o‘rinni egalladi va mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

Uyrot mahallasi Karmana tumanining obod va fayzli maskanlaridan. Mahalla ahli tomorqadan yaxshi daromad olishda boy tajribaga ega. Zamonaviy binoda joylashgan tayanch punktida barcha sharoit yaratilgan. Profilaktika katta inspektori Kamolidin Bo‘riyevning mahalla raisi, uning diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, mahalla posboni va jamoatchilik bilan hamkorlikda olib borayotgan sa’y-harakatlari natijasida hududda huquqbuzarliklar keskin kamaygan.

Mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni, ma’naviy muhit barqarorligini asrash va bu borada mahallalardagi ichki ishlar organlari tayanch punktlari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahalladoshlar dardini tinglab, ularga himoyachi sifatida yanada yaqin bo‘lishi uchun namunali xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida shaxsiy avtoulovlar bilan ta’minlanmoqda.

Tanlovda tayanch punktlarida yaratilgan sharoit, aholi va o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik, hududdagi vaziyat, profilaktika inspektorining bilimi va voyaga yetmaganlar bilan ishlash tajribasiga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilgandan so‘ng emas, uning oldini olish maqsadida samarali profilaktikani yo‘lga qo‘yishning natijadorligi o‘rganildi.

– Mahallamizda 4 ming 540 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi profilaktika katta inspektori K.Bo‘riyev. – Faoliyatimiz oila, mahalla va ta’lim muassasasi bilan bevosita bog‘liq. O‘tgan yillarda huquqbuzarliklar sonining keskin kamayishida ham ushbu hamkorlik mexanizmining samarasi yaqqol sezildi. Bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, mahalla hamda uning maslahatchilari bilan hamjihatlikda ayrim jinoyatchiliklarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlariga jiddiy e’tibor qaratmoqdamiz. Xususan, Prezidentimiz farmoni bilan afv etilib, jazoni ijro etish muassasalaridan oilasi bag‘riga qaytgan 3 nafar mahalladoshimiz ish bilan ta’minlandi.

Tanlovda bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlandi.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA
5 051