Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.05.2018 15:50 Chop etish versiyasi

Kamchiliklar deputatlar nazoratida

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi ijrosi o‘rganildi.

Ishchi guruh tomonidan 309 xonadondagi 1 ming 400 dan ziyod fuqaro bilan muloqot o‘tkazildi. Shuningdek, 40 ijtimoiy soha obyekti, 18 fuqarolar yig‘ini foliyati o‘rganildi.

Muloqotlarda fuqarolar 178 muammo, talab va taklif bilan murojaat qildi. Ularda ko‘tarilgan masalalarning 54 tasi “Yo‘l xaritasi”ga kiritilishi belgilandi. Jumladan, tuman tibbiyot birlashmasi tizimidagi muassasalarda kadrlar yetishmasligi jiddiy muammo bo‘layotir. Tor mutaxassisliklar bo‘yicha 14, qishloq vrachlik punktlarida 8 nafar umumiy amaliyot shifokori yetishmaydi. Bu surunkali kasallik bilan og‘rigan bemorlarni dispanser hisobiga olishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Kasb-hunar kollejlari, umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatida ham jiddiy kamchiliklar bor. Umumta’lim maktablarida o‘qituvchilar yetishmaydi. Aksariyat maktablarning binolari holati va moddiy-texnik bazasi talab darajasida emas.

O‘rganishlar davomida kommunal soha, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, ichki yo‘llar holati, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va bandlikni ta’minlashdagi qator kamchiliklar aholining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘layotgani aniqlandi.

Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda mavjud muammolarni bartaraf etishga amaliy ko‘mak berish maqsadida o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida muhokama qilindi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari S.Otamurodov, Jizzax viloyatidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlar, tuman Kengashi deputatlari siyosiy partiyalar faollari mavjud muammolarni atroflicha tahlil etib, ularni keltirib chiqargan sabablar va bartaraf etish yo‘llarini muhokama qildi. Kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlashda deputatlar nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
2 541