Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.05.2018 19:22 Chop etish versiyasi

“Kamalak” sardorlari mashvarati

“Kamalak” sardorlari mashvarati
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi "Lochin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi “Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlarining “Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun!” shiori ostida an’anaviy XVII anjumani o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlarning o‘zaro tajriba almashishini ta’minlash, ularning mahoratini oshirish, yangi g‘oya va tashabbuslarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan anjumanda yil davomida samarali faoliyat ko‘rsatgan, noan’anaviy loyihalari bilan o‘rnak bo‘lgan 800 dan ortiq sardor ishtirok etayotir.

Tadbir doirasida Shahrisabz shahridagi Oqsaroy xiyobonida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi “Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlarining “Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun!” shiori ostida O‘zbekiston bolalari paradi tashkil etildi.

7.jpg

3 (1).jpg

– Bugun tashkilot tizimidagi barcha sardorlarning eng katta hisobot bayramidir, – deydi Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Murodjon Zufarov. – Anjuman doirasida o‘tkazilayotgan loyihalar soni, yoshlar qamrovi yildan-yilga oshmoqda. Buni anjuman davomida sardorlar tomonidan o‘quvchi-yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan taklif loyihalarida ham ko‘rish mumkin.

Anjumanning tantanali ochilish marosimida Prezidentimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor aks etgan videolavha namoyish qilindi. Vatan, yoshlik, sadoqat va go‘zallikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

"Kamalak” bolalar tashkiloti madhiyasining taqdimoti barchaga manzur bo‘ldi.Sardorlar tajribasini oshirishga qaratilgan darslar tashkil etildi. Mohir va o‘z kasbining ustasi bo‘lgan murabbiylardan zarur saboq olib, kelgusi faoliyatida qo‘llashni maqsad qilgan sardorlar darslarda faol ishtirok etdi. Dastlabki e’tibor guruh a’zolarining o‘zaro tanishib, do‘stlashib olishi va eng muhimi, jips jamoa bo‘lib shakllanishiga qaratildi. Bu borada ayniqsa, tajribali murabbiylar tomonidan tashkil etilgan interaktiv usullarga qiziqish katta bo‘ldi. Shuningdek, bolalarning aqliy salohiyatini oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlarda sardorlar boshqalarni tinglash, o‘zgalar fikrini hurmat qilish, fikrni to‘liq va aniq bayon etishni o‘rgandi.

– Anjuman menda katta taassurot qoldirmoqda, – deydi sirdaryolik Nigora Orifjonova. – Ushbu anjumanda bu yil uchinchi marta qatnashmoqdaman. Har safar yangi-yangi g‘oyalar, maqsadlar bilan qaytaman. Bu gal ham shunday bo‘lishiga ishonaman. Yoshlar orasida vatanparvarlik, tashabbuskorlik, intiluvchanlik kabi g‘oyalarni targ‘ib qilishning ko‘plab usullarini o‘zlashtiryapmiz. O‘zim she’riyatga, jurnalistika sohasiga juda qiziqaman. Sirdaryo radiosida “Kamalak jilosi” radioeshittirishini olib boraman. Kelajakda taniqli telejurnalist bo‘lish orzuim.

Mamlakatimizning barcha viloyatlari o‘ziga xos madaniyat, san’at, etnik tarixga ega. Ularni mehr-oqibat, bag‘rikenglik, insoniylik va qadriyatlarga hurmat tuyg‘usi birlashtirib turadi. Anjumanda bu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Zero, bir maqsad yo‘lida dadil harakat qilish uchun fikr va dunyoqarashlarda ham uyg‘unlik bo‘lishi, yoshlar boshqa hududlar qadriyatlari to‘g‘risida ham bilishi lozim. Shu munosabat bilan tadbir doirasida tashkil etilgan “Xayrli tong, anjuman!” mavzusidagi viloyatlartaqdimoti juda qiziqarli o‘tdi. Har bir viloyat vakillari hududga xos qo‘shiqlarini ommaga havola etib, shu orqali o‘z viloyati to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berdi.

– Milliy qo‘shiqlar va urf-odatlarda xalqning tarixi, madaniyati aks etgan bo‘ladi, – deydi qoraqalpog‘istonlik Aqsojgul Qaybbergenova. – Qoraqalpoqlarda ham mana shunday milliy qo‘shiqlar bisyor. Tengdoshlarimizga ulardan bir nechtasini ijro etib berdik va u barchaga ma’qul bo‘ldi. Anjumanda ilk bora ishtirok etishim. Ayniqsa, oromgohning so‘lim va ertakmonand go‘sha ekani meni lol qoldirdi. Bu yerda yangi do‘stlar orttirish bilan birga, bilim va sardorlik mahoratimizni yanada oshirmoqdamiz.

Murabbiylar jamoasi tomonidan “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi “Kamalak” bolalar tashkilotida sardorlarning o‘rni”, “Sardor kim?”, “Jamoani shakllantirish”, “Tanqidiy fikrlash”, “Notiqlik san’ati”, “Tafakkurni rivojlantirish” mavzularida trening-mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Tashkilot faoliyatiga jalb qilish, yoshlarni bir maqsad atrofida birlashtirish yuzasidan ham fikr almashildi.

– Anjuman davomida ko‘plab do‘stlar orttirdik, ular bilan tajriba almashdik, – deydi qarshilik Aziza Mannopova. – O‘tkazilayotgan trening mashqlarida o‘z takliflarim bilan ishtirok etdim. Masalan, bugun yoshlarning chet tillarini, zamonaviy axborot-komunikatsiya texnologiyalarini puxta va jahon standartiga javob beradigan darajada o‘rganishi uchun sharoit va imkoniyatlar hamma joyda ham yetarli emas. Buning ustiga, mutaxassislar tanqisligi ham bor. Treninglarda ilgari surgan g‘oyalarimda mana shunday muammolarga maqbul yechim topish haqida fikrlashdik. O‘zim hozirda koreys tilini o‘rganmoqdaman.

Anjuman 24 mayda o‘z ishini yakunlaydi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
5 856