O‘zA O`zbek

06.02.2018 18:37 Chop etish versiyasi

"Kafolat sug‘urta kompaniyasi" tomonidan 2017-yilda 23,7 milliard so‘m sug‘urta to‘lovlari amalga oshirildi

O‘zbekiston sug‘urta bozorida 27 sug‘urta kompaniyasi faoliyat ko‘rsatadi. Ularda 5,5 mingdan ziyod xodim, 7 mingdan ko‘proq sug‘urta agenti fuqarolarga 130 dan ortiq sug‘urta xizmatini taklif etib kelmoqda. “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yirik sug‘urta kompaniyalardan hisoblanadi. Bu haqda Milliy matbuot markazida mazkur kompaniyaning 2017 yilgi faoliyati tahliliga bag‘ishlangan anjumanda qayd etildi.

Ta’kidlandiki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 9-oktabrdagi “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sug‘urta kompaniyasining xalqaro standartlar asosida xizmat ko‘rsatishida muhim omil bo‘lmoqda. Mazkur qaror bilan aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun sug‘urta xizmatlari ko‘lamini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy manfaatlarini samarador sug‘urtalash tizimi yanada takomillashmoqda.

“Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJ 2017-yil 726,3 mingdan ziyod sug‘urta shartnomasini imzolab, 80,3 milliard so‘m sug‘urta mukofotlarini jamlagan. Kompaniyaga o‘tgan yil mijozlaridan 7,5 mingga yaqin ariza kelib tushgan. Ular asosida 23,7 milliard so‘m sug‘urta to‘lovlari amalga oshirilgan. Tahlillarga ko‘ra, 1 ariza bo‘yicha o‘rtacha to‘lov miqdori 3,2 million so‘mni tashkil etgan.

Sug‘urta kompaniyasi targ‘ibot ishlariga asosiy e’tibor qaratmoqda. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, “Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda turli uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Matbuot anjumanida “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJ boshqaruvi raisi Saidolim Nasriddinov jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, xizmatlar turi va sifatini yaxshilash, bu borada innovatsion g‘oyalardan unumli foydalanish bo‘yicha istiqboldagi rejalar haqida gapirib berdi. Xususan, olis hududlarda yangi bo‘linmalar tarmog‘ini tashkil etish, shu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, kompaniya to‘lov qobiliyatini mustahkamlash, xalqaro yetakchi sug‘urta kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi innovatsion sug‘urta mahsulotlarini yaratish, sug‘urta xizmatlarini internet tarmog‘i orqali sotishni rivojlantirish kabi chora-tadbirlar kompaniya oldidagi muhim vazifalar sifatida qayd etildi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
11 010