Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2017 12:32 Chop etish versiyasi

Jizzaxda ma’rifat targ‘ibotchilari uchun seminar

Bugungi globallashuv davrida aholi, ayniqsa, yoshlarni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, ularda yon-atrofda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish, tinch-osoyishta hayotimizga, ko‘p asrlik ma’naviyatimiz va milliy qadriyatlarimizga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tajovuzlarga qarshi kurashishda ma’rifiy targ‘ibotning ahamiyati ortib bormoqda.

Jizzaxda “Ma’rifat targ‘ibotchilari” jamiyatini shakllantirish hamda uning faoliyatini doimiy asosda yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminarda bu alohida ta’kidlandi.

Jizzax viloyatidagi ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan jamoatchi targ‘ibotchilar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda jamiyat hayotining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yuksaltirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

– Davlatimiz rahbarining 2017-yil 28-iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi qarori​ ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi o‘rinbosari Sh.To‘rayev. – Ma’naviy targ‘ibot ishlari samaradorligi targ‘ibotchilarning bilim va malakasiga, dunyoqarashi va odamlar bilan ishlash mahoratiga bevosita bog‘liq. Prezidentimizning qarorida keng jamoatchilik, olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilardan iborat “Ma’rifat targ‘ibotchilari" jamiyatini shakllantirish hamda uning faoliyatini doimiy asosda yo‘lga qo‘yish belgilangani sohada tub burilish yasadi. Viloyatda bu yo‘nalishda samarali xizmat qilishga bilim va malakasi yetarli bo‘lgan salohiyatli targ‘ibotchilar bor. Ammo, bu mavjud kadrlar zaxirasi yetarli degani emas. Shuning uchun targ‘ibotchilarni tanlash, tayyorlash va qayta tayyorlashni ham tizimli, doimiy yo‘lga qo‘yish faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridandir.

Tadbirda "Ma’rifat targ‘ibotchilari" jamiyatiga a’zo bo‘lish va targ‘ibot faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan olimlar, mutaxassislar, ziyolilar ro‘yxati shakllantirildi. Jamiyat a’zolari uchun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutasaddilari tomonidan master-klass darslari o‘tkazildi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
1 525






Все о погоде - Pogoda.uz