O‘zA O`zbek

02.03.2018 18:06 Chop etish versiyasi

Jizzaxda ham chegara ochildi

Jizzaxda ham chegara ochildi Jizzax viloyatining Yangiobod tumani va Tojikiston Respublikasining Sug‘d viloyati o‘rtasidagi “Qo‘shqand” va “Uchto‘rg‘on” chegara nazorat o‘tkazuv punktlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalarining davlat bayroqlari bilan bezatilgan o‘tkazuv punktidagi tantanali tadbirda har ikkala tomondan viloyat hokimliklari, urush va mehnat faxriylari, jamoatchilik vakillari, chegara hududidagi mahallalarda istiqomat qilayotgan aholi vakillari ishtirok etdi. 

8.JPG

Karnay-surnay sadolari ostida “Qo‘shqand” chegara nazorat o‘tkazuv punktidagi to‘siq ochilib, qo‘shni Tojikiston delegatsiyasi O‘zbekiston hududiga kirib keldi. Mehmonlar o‘zbekona mehmonnavozlik, non-tuz bilan kutib olindi.

Tadbirda O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining sa’y-harakati bilan tarixi, kechmishi, taqdiri bir bo‘lgan ikki xalq o‘rtasidagi sun’iy to‘siqlarning olib tashlanishi Hazrat Mir Alisher Navoiy va mavlono Abdurahmon Jomiy asarlarida tarannum etilgan buyuk do‘stlik abadiy ekanligining amaliy isboti bo‘lganligi ta’kidlandi. Bu do‘stlik ikkala mamlakatning ham har tomonlama rivojlanishiga xizmat qilishi e’tirof etildi. 

9.JPG

– O‘zbek va tojik xalqlari bir-biri bilan azaldan qondosh, qadrdon, quda-anda bo‘lib kelgan, – deydi Yangiobod tumanidagi “Balandchaqir” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Olimjon Begmatov. –Bizlar ikki tilda gaplashuvchi bir xalqmiz. Bizning to‘yimiz, ma’rakamiz bir-birimizsiz o‘tmagan. O‘tkazish maskanlarining ochilishi bu azaliy yaqinligimiz, bordi-keldimiz yana bardavom bo‘lishiga xizmat qiladi.

Mehmon va mezbonlar to‘kin dasturxon atrofida dildan suhbatlashishdi. Sahnada o‘zbek va tojik kuy-qo‘shiqlari, jozibali raqslar ijro etildi.

O‘zbekistonliklar ham Sug‘d viloyatining Istaravshon shahridagi chegara nazorat o‘tkazuv punktida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Bu yerda ham tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbek va tojik san’atkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Ikki xalq vakillari birgalikda raqsga tushib, bir piyola choy ustida diydorlashdi. 

12.JPG

– Shu kunlarga yetkazganiga Allohga shukr, – deydi Yakkabog‘ qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 96 yoshli otaxon Akmalxon Qutbiddinov. – Ikki xalq azaliy og‘a-iniligi, do‘stligi, quda-andachiligi yana davom etayapti. O‘zbekistonga qiz berib, qiz olganmiz. Qadimdan tojiklar O‘zbekiston bozorlarida, o‘zbeklar O‘ratepa bozorida bemalol savdo-sotiq qilgan. Bugun mana katta shodiyona, ulug‘ ish bo‘ldi. Xalqlarini o‘ylagan davlatlarimiz rahbarlariga katta rahmat.

– Yo‘llar ochilganidan nihoyatda quvondim, – deya suhbatimizga qo‘shildi istaravshonlik o‘qituvchi Mavluda Hamdamova. – Ukam Bekobod shahrida yashaydi, ovsinim to‘rt qizini ham O‘zbekistonga – Yangiyer va Bekobod shaharlariga uzatgan. Qarindoshlarimiznikiga borib-kelishga qiynalayotgan edik. Mana endi, emin-erkin ularnikiga borish baxtiga muyassar bo‘ldik. Birorta to‘y-ma’rakaga borish uchun ham viza olamiz, deb 15 kun sarson bo‘lardik. Xudoga shukr, bunday ovoragarchilik va rasmiyatchiliklarga chek qo‘yildi. Xalqimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmondan behad minnatdor.

Shu kuni Yangiobod tumanidagi Qo‘shqand qishlog‘ini Tojikistonning Zafarobod tumani bilan bog‘lab turuvchi “Uchto‘rg‘on” chegara nazorat o‘tkazish punkti ham ochildi.

– Mehr ko‘zda deb bejizga aytishmaydi, – deydi shu kuni qarindoshlari bilan diydorlashgan Tojikistonning Zafarobod tumanida yashovchi Abdumannon Qobilov. – Qardoshlik rishtalari yana davom etayotganidan judayam xursandman. O‘zim Yangiobod tumanidagi Chakand qishlog‘ida tug‘ilganman. Taqdir taqozosi bilan Tojikistonda yashamoqdaman. To‘rt nafar farzandim bor. Qarindoshlarimnikiga to‘y-ma’rakalarga borishga qiynalib qolgan edik. Mening 300 dan ziyod qarindoshim O‘zbekistonda. Endi yo‘llar ochilib, bemalol diydorlashadigan bo‘ldik. Buning uchun xar ikki davlatning xalqparvar rahbarlariga katta rahmat.

Sarhadlardagi marosim katta bayramga aylandi. Azaldan qon-qardoshlik rishtalari bilan chambarchas bog‘langan o‘zbek va tojik xalqi o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari qayta tiklanishi shodu xurramlik bilan nishonlandi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat) O‘zA
8 818