Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2018 17:31 Chop etish versiyasi

Jizzaxda 30 mingdan ziyod soliq to‘lovchi interaktiv xizmatlardan foydalanmoqda

Mamlakatimiz soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or avtomatlashtirilgan tahlil uslublari keng joriy etilayotgani soliq to‘lovchilarga, avvalo, tadbirkorlik subyektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yaratmoqda. 

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining "Elektron davlat xizmatlari – my.soliq.uz" portali orqali 35 turdagi xizmat ko‘rsatilmoqda. Elektron davlat xizmatlaridan 15 tasi axborot davlat xizmatlari, 20 tasi interaktiv davlat xizmatlari tarkibiga kiradi. 

Portalda yuridik, jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetlari joriy etilgan. Endi soliq to‘lovchi murojaatini soliq organlariga bormasdan, ish yoki yashash joyida soliq qo‘mitasi portalidagi shaxsiy kabineti orqali amalga oshirmoqda. Jumladan, shaxsiy kabinet orqali soliq organlarida hisobga turish, nazorat-kassa mashinalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ortiqcha soliq to‘lovlarni qaytarish to‘g‘risidagi arizalarni, soliq hisobotlari va deklaratsiyalarni elektron ko‘rinishda yuborish, zarur ma’lumotnomalarni olish va boshqa imkoniyatlar yaratilgan. 

– Qonunchiligimizga “Soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti” tushunchasi kiritilgani soliq to‘lovchilar bilan deyarli barcha munosabatlarni elektron shaklda ham amalga oshirish uchun huquqiy asos yaratdi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot texnologiyalari bo‘lim boshlig‘i Rahmon Xoliqulov. – Ayni paytda viloyatda 30 mingdan ziyod soliq to‘lovchi mazkur interaktiv xizmatdan foydalanmoqda. 5 mingdan ortiq yuridik shaxs, 12 ming 930 ga yaqin jismoniy shaxs elektron imzoga ega. 

Davlat soliq xizmatida axborot texnologiyalari joriy etilib, interaktiv xizmatlar ko‘paytirilishi soliq to‘lovchilar, ayniqsa, tadbirkorlik subyektlarining soliq organlariga tashrifini kamaytirishga, natijada vaqt va sarf-xarajatlarini tejashga olib kelmoqda.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
5 359