Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.10.2017 15:42 Chop etish versiyasi

MIB xodimlarining ogohlantirishlariga qaramay fuqaro jarimani to‘lamagan, oqibatda...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa va Chilonzor tumanlari sudlari hamda Respublika Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar Uchtepa tumani bo‘limi hamkorligida jarimalarning undiruvlari bo‘yicha sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Unda jarimalarni to‘lashdan bo‘yin tovlagan bir necha fuqaroning ishi ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda sud tizimini tubdan isloh qilish, sudni adolat qo‘rg‘oniga aylantirish, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida tashkil etilgan Majburiy ijro byurosi bo‘limlari tomonidan jarimalarni undirish borasida izchil choralar ko‘rilmoqda. Xususan, jarimalarni to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda sudlarga taqdimnomalar kiritilib, sud tomonidan avval tayinlangan jazoning jarima to‘lash turi boshqa og‘irroq jazo turiga almashtirilmoqda.

Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Komiljon Normuhamedovga Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Ohangaron tumani sudining 2016-yil 3-iyundagi hukmi bilan ikki yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etilib, eng kam oylik ish haqining 350 baravari miqdorida, ya’ni 45 million 584 ming jarima to‘lash jazosi tayinlangan edi. Tuman Majburiy ijro bo‘limi xodimlari tomonidan berilgan ogohlantirishlarga qaramay fuqaro tomonidan ushbu jarima shu kungacha to‘lanmagan. Uning nomida undiruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki yo‘qligi sababli jarimani majburiy undirishning imkoni bo‘lmagan.

Jarima to‘lanmaganligi tufayli sayyor sud tomonidan fuqaro K.Normuhamedovga tayinlangan jazo O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan 1 yilu 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga almashtirildi.

1986-yilda tug‘ilgan, oilali, voyaga yetmagan ikki farzandi bor Rustam Abdurahimovga Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumani sudining 2017-yil 16-maydagi hukmi bilan eng kam oylik ish haqining 75 baravari miqdorida, ya’ni 11 million 233 ming 125 so‘m jarima to‘lash jazosi tayinlangan edi.

Sud zalida fuqaro moddiy qiyinchilik tufayli sud tomonidan tayinlangan jarimani to‘lay olmagani, hozir ham jarima jazosini to‘lash imkoniyati yo‘qligini ma’lum qildi. Tuman Majburiy ijro bo‘limi xodimlarining ta’kidlashicha, uning nomida undiruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki yo‘qligi sababli jarimani majburiy undirishning imkoni bo‘lmagan.

Jarima to‘lanmaganligi tufayli sayyor sud tomonidan fuqaro R.Abdurahimovga tayinlangan jazo O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan 4 oyu 6 kun muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga almashtirildi.

O‘tkazilgan sud majlisi davomida jarima jazosi tayinlangan ba’zi fuqarolar belgilangan tartibda o‘z jarimalarini to‘ladi.

Mamlakatimizda qonun ustuvor ekani va har bir jinoyatga jazo muqarrarligini hech bir fuqaro unutmasligi lozim.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
2 644






Все о погоде - Pogoda.uz