Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.03.2017 17:07 Chop etish versiyasi

Jinoyatchilikka qarshi kurashish – dolzarb vazifa

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiyaning viloyat hududiy komissiyasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasi muhokama etildi.

Videomuloqot shaklida tashkil etilgan sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, viloyat hududiy komissiyasi raisi Sh.Oripova va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning rolini kuchaytirish, parlament nazoratini amalga oshirishni yanada takomillashtirishga qaratilayotgan alohida e’tibor qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi qarori bilan Senat huzurida Ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiya va uning hududiy komissiyalari tashkil etilgan. Sessiyada hududiy komissiya tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha faoliyati o‘rganildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, o‘tgan yili viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash borasida aniq maqsadga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilib, qonuniylik, huquq-tartibotni mustahkamlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. 2016-yil umumiy jinoyatchilik 0,2, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 14,5, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar 2,9 foizga kamayishiga erishilgan. Biroq ayrim sohalardagi profilaktik tadbirlar sifatli, ta’sirchan shakllarda o‘tkazilmagani oqibatida og‘ir tan jarohati yetkazish, firibgarlik, o‘g‘irlik, mulkni qasddan nobud qilish kabi jinoyatlar oshgan. Sariosiyo, Termiz, Uzun tumanlarida umumiy jinoyatchilik, Oltinsoy, Sho‘rchi, Qiziriq, Denov, Muzrabot, Qumqo‘rg‘on tumanlarida firibgarlik, Termiz shahri, Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sherobod, Termiz tumanlarida o‘g‘irlik, Boysun, Denov, Muzrabot, Sherobod, Qiziriq tumanlarida bezorilik jinoyatlari ko‘paygan.

Viloyatda 400 dan ortiq ichkilikka ruju qo‘ygan shaxs aniqlangan. Ular bilan profilaktika inspektorlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari keng jamoatchilik hamkorligida tizimli ravishda ish olib borishi zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, turli huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, voyaga yetmaganlar noqonuniy xorijga chiqib ketishining oldini olish, o‘quvchi-yoshlarni ta’lim muassasalariga to‘liq qamrab olish uchun ichki ishlar organlari, mahalla va ta’lim muassasalari hamkorligini yanada mustahkamlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Sessiyada o‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha viloyat, tuman va shaharlar mutasaddi idoralari rahbarlarining axborotlari tinglandi. Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, joylarda o‘tkazilayotgan profilaktika kuni samaradorligini oshirish yuzasidan muhim vazifalar belgilandi.

Sessiyada Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
3 342






Все о погоде - Pogoda.uz