Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.12.2017 20:48 Chop etish versiyasi

Jinoyatchilik va ishsizlik muhitining oldini olishda hamkorlik mustahkamlanadi

O‘zbekiston musulmonlari idorasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi vazifalar ijrosi hamda xorijdagi mehnat migrantlari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, imom-xatiblar, markaziy ommaviy axborot vositalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ko‘rsatmalar, bildirilgan fikr-mulohazalar yurtimiz tinchligi, oilalar xotirjamligi, millatlararo hamjihatligimiz yo‘lida g‘oyat muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, ma’naviy qashshoq odam johillik sari yuz tutadi. Har qanday jinoyat ilmsizlik, jaholat sabab sodir etiladi. Kishi o‘z qilayotgan ishining jinoyat ekanini, gunohligini bilmas ekan zulm botqog‘iga botaveradi. Biz shu jaholatga qarshi birgalikda kurashmog‘imiz shart.

Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida ta’kidlaganidek, islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Shu ma’noda, diniy ulamolar, imom-xatiblar o‘z ma’ruzalarida, keng aholi qatlami bilan uchrashuvlarda bu g‘oyalarni ilgari surgan holda, jinoyat sodir etish og‘ir gunoh ekani, Qur’oni karim va hadislarda bunday xatti-harakatlar qattiq qoralanganini jonli misollar orqali ta’sirchan tushuntirishlari maqsadga muvofiq.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 10 oyi davomida yurtimiz yoshlarining 22 ming nafari jinoyatga qo‘l urgan. Yig‘ilishda bu holatning kelib chiqish mohiyati, xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatchilik masalasiga e’tibor qaratildi. Ularning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida gapirildi, aniq takliflar o‘rtaga tashlandi.

Jumladan, bugungi kunda yoshlar o‘rtasida ishsizlikning oldini olish borasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan qator loyihalar ishlab chiqilgan. O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi, Yosh fermerlar kengashi tuzilgani yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, shu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.

Yig‘ilishda joriy yil 30-oktabr – 9-noyabr kunlari mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolarining Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Astraxan va Novosibirsk shaharlaridagi mehnat migrantlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.

Tashrif doirasida bu shaharlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz yashash va ishlash sharoitlari bilan yaqidan tanishildi. Zarur hollarda yordam ko‘rsatildi.

Sir emas, Rossiyada yoki boshqa xorij mamlakatlarida tegishli kelishuvlarsiz mehnat qilayotgan yoshlarimizni qiynayotgan muammolar mavjud. Til bilmaslik, tayinli kasb-hunarga ega emaslik, tegishli mehnat qonunchiligidan bexabarlik achinarli holatlarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, biron tanishi bilan yoki shunchaki ish izlab ketgan yoshlarimiz oxir-oqibat firibgarlar domiga tushmoqda. Bu yerda ular “o‘lmas ovqat” bilan kun kechiradi, o‘z haqini oylab, hatto yillab ololmaydi. Hatto bir necha yil tinimsiz ishlab, bir tiyinsiz qaytayotgan yoshlarimiz ham uchrab turibdi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Rossiyaning mehnat sohasi tashkilotlari, Moskva, Sankt-Peterburg, Astraxan va Novosibirsk shahri gubernatorlari bilan kelishuvlarga erishdi. Unga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tasarrufiga o‘tkazilgan 200 ga yaqin kasb-hunar kollejida yoshlarni aniq mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu yerda ularga til o‘rgatish, kasbga yo‘naltirish, mehnat qonunchiligi borasidagi bilimlarini, ma’naviyatini mustahkamlash bobida saboqlar o‘tiladi.

Shu kunlarda Rossiya va boshqa mamlakatlarda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari, xususan, yoshlar yurtimizga qaytmoqda. Endigi masala ularni ish bilan ta’minlash. Bu borada O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Xalqchil islohotlarimizning yangi davrida loqaydlikka aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Har birimiz atrofda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmasligimiz, noxush holatlar, qonunbuzarlikka qarshi birgalikda kurashmog‘imiz lozim. Xususan, jinoyatchilikka qarshi kurashish ulamolarning, imom-xatiblarning, ziyolilar, xususan, ommaviy axborot vositalarining vazifasidir.

Shu ma’noda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ommaviy axborot vositalari bilan doimo hamkorlikka tayyor ekani ta’kidlandi. Yoshlar bilash ishlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolashga kelishib olindi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
1 033






Все о погоде - Pogoda.uz