Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2017 12:44 Chop etish versiyasi

Jinoyat va huquqbuzarliklar kamaymoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan profilaktika kuni tadbirlari Sirdaryo viloyatida ham jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Mirzaobod tumanidagi 17 mahalla, 3 kasb-hunar kolleji, 31 umumta’lim maktabida o‘tkazilgan navbatdagi profilaktika tadbirlarida xorijga noqonuniy chiqishning oqibatlari, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli ekstremistik oqimlar va milliyligimizga yot g‘oyalar ta’siridan asrash, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarining kelib chiqishi va ularning oldini olish, ta’lim muassasalarida o‘quvchilar davomati kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Profilaktika tadbirlarida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari, pedagoglar, yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi. 30 nafar muqaddam sudlangan, 4 nafar diniy ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar bilan suhbat o‘tkazildi.

– Profilaktika tadbirlari doirasida mahallalar, tashkilot-korxonalar, o‘quv muassasalarida o‘tkazilayotgan uchrashuv va davra suhbatlari yaxshi samara berayotir, – deydi Mirzaobod tumani ichki ishlar bo‘limi inspektori O.Rustamov. – Xususan, umumta’lim maktablari, kasb-xunar kollejlarida o‘tkazilgan “Davomat” tadbirida 4 o‘quvchining turli sabablarga ko‘ra mashg‘ulotlarga qatnashmayotgani aniqlandi. Darslarga sababsiz kelmagan o‘quvchilar o‘qishga qaytarildi va ularning ota-onalariga nisbatan qonun doirasida choralar ko‘rildi.

Tadbir davomida 17 mahalladagi 350 xonadon o‘rganildi. Doimiy va vaqtincha yashash tartibini buzgan 2 fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Vaqtincha ishsizlar, uzoq muddatga xorijga borib qaytgan fuqarolar, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar, notinch oilalar bilan suhbatlar o‘tkazildi. Ov quroli bo‘lgan 24 shaxsning qurolini saqlash holati o‘rganildi.

Profilaktika tadbirlari doirasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida 57 suhbat, uchrashuv va targ‘ibot-tushuntirish tadbiri tashkil etildi. Ularda jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va unga imkon bergan shart-sharoitlar tuman rahbarlari va huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokoma qilindi. Tumandagi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
1 968






Все о погоде - Pogoda.uz